Tramp va Si Szinpin savdo bitimini imzolashga tayyorlanmoqda
AQSh va Xitoyning yuqori darajadagi savdo muzokarachilari bir qator bahsli masalalar bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Bu ikki mamlakat rahbarlari – Donald Tramp va Si Szinpin orasidagi yangi savdo bitimini imzolash uchun yo‘l ochmoqda.
«Bu boradagi muzokaralar Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda ikki kun davom etdi», deb xabar berdi Bloomberg agentligi.
Hozirda ikki tomon muzokara natijalarini o‘z rahbarlariga taqdim etishga tayyorlanmoqda. Tramp va Si Szinpin 30 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan sammitda rasmiy ravishda bitimni tasdiqlashi kutilyapti.
AQSh moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, Trampning Xitoy tovarlariga 100 foizlik boj joriy etish haqidagi tahdidi «amalda kun tartibidan chiqarilgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy yaqin vaqtda AQShdan katta hajmda soya donlari xarid qiladi hamda kamyob metalllar eksporti bo‘yicha qat’iy cheklovlarni kechiktiradi. Shu bilan birga, Vashington Xitoyga nisbatan eksport nazorati siyosatiga o‘zgartish kiritmasligini ma’lum qildi.
Yangi bitim doirasida bir qator muhim yo‘nalishlar qamrab olingan, jumladan:
– tariflar bo‘yicha tinchlik davrini uzaytirish;
– TikTok atrofidagi nizolarni hal etish;
– yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan kamyob magnit materiallar yetkazib berishni kafolatlash.
Tramp va Si Szinpin, shuningdek, global tinchlik tashabbusini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Trampning aytishicha, u Si Szinpin bilan birgalikda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga diplomatik yechim topishni xohlaydi.
AQSh savdo vakili Djeymison Grirning ta’kidlashicha, Xitoydan kamyob metalllar yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish «muzokaralardagi eng asosiy maqsadlardan biri» bo‘lib, bu yo‘nalishda «sezilarli ilgarilash»ga erishilgan.
O‘z navbatida, Donald Tramp Kuala-Lumpurdagi ASEAN sammiti doirasida jurnalistlar bilan suhbatda «Xitoy bilan foydali kelishuv» kutayotganini bildirdi.
«Ular bitim tuzishni xohlashyapti va biz ham buni xohlaymiz», – dedi AQSh prezidenti.
Xitoyning savdo vakili Li Chengan muzokaralarni «jiddiy, lekin samarali» deb baholadi. Uning aytishicha, tomonlar fentanil moddasi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha ham kelishuvga yaqinlashgan. Bu AQShning Xitoyga nisbatan ayrim 20 foizlik bojlarini bekor qilish yoki kamaytirish imkonini berishi mumkin.
Shuningdek, ikki davlat administratsiyalari dengiz orqali yuk tashish uchun joriy etilgan port yig‘imlari masalasini ham muhokama qilmoqda. Xitoy bu choralarga javob tariqasida AQSh bilan bog‘liq kemalarga nisbatan o‘z yig‘imlarini joriy etgan edi.
«Biz bugungi beqarorlik davrini orqada qoldirmoqchimiz. Barqaror savdo va iqtisodiy aloqalar faqat Xitoy va AQSh uchun emas, balki butun jahon iqtisodiyoti uchun foydali bo‘ladi», – deydi Li Chengan muzokaralar yakunida.
30 oktyabr kuni Tramp va Si Szinpinning uchrashuvi – Tramp Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga qaytganidan beri ikki davlat rahbarlarining ilk shaxsiy muloqoti bo‘ladi. Muzokaralar doirasida tariflar, eksport cheklovlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, fentanil aylanmasi va geosiyosiy masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter