Zelenskiy AQShdan Patriot raketalaridan ko‘proq yetkazishni so‘radi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning navbatdagi ommaviy raketa-dron hujumlaridan so‘ng Yevropa va AQShni havo mudofaasi yordamini kuchaytirishga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga Patriot tizimlari uchun raketalar yetkazib berish «mutlaqo zarur».
«Yevropaga o‘zining raketalarga qarshi mudofaa tizimi kerak. AQShning Patriot majmualari uchun raketalar yetkazib berish bo‘yicha yordami esa juda muhim», – dedi Zelenskiy.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya 2 iyunga o‘tar kechasi mamlakat bo‘ylab 73 ta raketa va 656 ta dron uchirgan. Ukraina havo kuchlari 602 ta dron va 40 ta raketani urib tushirganini ma’lum qildi.
Hujumlar oqibatida qariyb 20 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohat olgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Vladimir Putinni «harbiy jinoyatchi» deb atab, Moskva urushda faqat terror usuliga tayanayotganini bildirdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa zarbalar Ukraina harbiy-sanoat obyektlariga, jumladan gipertovushli raketalar orqali berilganini ma’lum qildi.
AFP tahliliga ko‘ra, Rossiya may oyida Ukrainaga rekord darajada — 8 ming 150 ta uzoq masofali dron uchirgan. Bu aprel oyiga nisbatan 24 foizga ko‘p hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter