Nafs g‘olib, sog‘liq mag‘lub bo‘lmasin!
Ko‘pchilik “101” filmini ko‘rgan. Unda 1941 yilda Smolensk yaqinida asirga tushib, keyin Gollandiyaning Amersfort konslageriga jo‘natilgan 101 nafar o‘zbek yigitining fojiali taqdiri haqida so‘z boradi.
Bu yigitlar — natsistlar rahbari Yozef Gebbels buyrug‘i bilan nemis targ‘iboti uchun maxsus tanlab olinadi va fashistlar ular orqali “sovet asirlari och, ojiz” degan tasavvurni yaratishni ko‘zlaydilar. Shu maqsadda yigitlar qasddan uzoq vaqt och qoldiriladi. So‘ng suratga olish ishlari boshlanadi va ular oldiga bir dona non irg‘itiladi. Biroq voqea kutilganidek kechmaydi. Ochlikdan holsizlangan yigitlar bir lahza jim turishadi, keyin ulardan biri nonni ehtiyotkorlik bilan olib, teng bo‘laklarga bo‘ladi va har bir asirga o‘z ulushini uzatadi. Hech kim non uchun talashmaydi, hech kim boshqasining haqiga ko‘z tiqmaydi.

Ushbu filmda bir burda nonga qanoat qilgan qahramonlarimiz — o‘z qadriyatini, sabr va shukurni hayotiy mezon deb bilgan millat qiyofasini namoyon etadi. Ammo so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilayotgan ayrim holatlar bu qadriyatga zid tushmoqda.
Ovqat yeyish musobaqalari, “kim ko‘p yeydi” degan bellashuvlar, pul tikib o‘tkaziladigan “xo‘randalar bahsi” kabi jarayonlar na qanoatga, na madaniyatimizga mos kelmaydi.
Tasvirlarda kamida o‘n kishilik oshni to‘rt kishi tanovul qilayotganiga ko‘zingiz tushadi. Bu holat endilikda boshqa taomlarga ham ko‘chgan. Buyurtma somsadan tortib, tovoq-tovoq go‘shtxo‘rlikkacha, hatto qurt va banan yeyish borasida bahsga kirishadiganlar videosi ko‘payib bormoqda.
Xavotirlisi, atrofdagi zavq bilan tomosha qilayotganlarning aksariyati yoshlar. Bu kabi holatlar, shaxsiy tanlov sifatida oqlansa ham, tobora ommalashayotgani bilan jamiyatning ma’naviy muhitiga ta’sir etmay qolmaydi.
Birinchi navbatda, bunday bellashuvlar sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ovqatni me’yoridan ortiq iste’mol qilish nafaqat oshqozon va hazm tizimiga zarar yetkazadi, balki uzoq muddatli oqibati ortida semizlik, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari kabi og‘ir xastaliklarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Ya’ni, bu ko‘ngilochar ko‘rinishdagi shou-musobaqada g‘olib deb topilgan ishtirokchi — aslida mag‘lubdir. Qo‘lga kiritilayotgan arzimas sovrin — uning uchun eng katta boylik sanalmish salomatligi badaliga kiritilyapti. Bundan tashqari, bu kabi ovqatlanish musobaqalarining insonga ijtimoiy va psixologik ta’siri ham yetarlicha jiddiy mavzu.

Bellashuvlarning shou tarzda tashkil etilishi va ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy tarqalishi, ayniqsa yoshlar ongida noto‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirishi mumkin. “Ko‘p yeyish” orqali e’tibor qozonish yoki moddiy mukofot olish g‘oyasi sog‘lom va ma’naviy qadriyatlarga zid bo‘lib, jamiyatda me’yorsizlik va isrofgarchilikni targ‘ib qiladi. Shu bois, bunday shou-musobaqalarga munosabatda sog‘lom tafakkur va mas’uliyatli yondashuvni shakllantirish juda muhimdir.
— Ovqat yeyish musobaqalari hozirgi kunda ommaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylanmoqda, — deydi psixolog Nazokatxon Yo‘lchiboyeva. — Ko‘plab yirik media maydonlar va internet platformalari bu turdagi musobaqalarni targ‘ib qilmoqda. Bellashuvlarning shou va ko‘rgazmali ko‘rinishda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi esa, ayniqsa yoshlar ongida noto‘g‘ri ruhiy modellarni shakllantirishi ehtimoli bor.
Ishtirokchilarning sanoqli daqiqalarda yuqori kaloriyali taomlarni iste’mol qilishi — ko‘pincha “tezkorlik” va “jadallik” ramzi sifatida ko‘rsatiladi. Bu esa yoshlar orasida sog‘lom ovqatlanish odatlarini buzishi, ortiqcha iste’mol qilish va yot odatlarni shakllanishiga olib kelishi mumkin. Ijtimoiy bosim ham sezilarli: “shu kabi qilish kerak”, “undan nimam kam” kabi fikrlar ham insonning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, bunday musobaqalar organizmning tabiiy signallariga zid harakat qilishdir. Tabiiy to‘qlik va to‘yinganlik hissi sun’iy ravishda buziladi. Bu nafaqat oshqozon-ichak tizimi, balki butun organizm uchun stress manbai bo‘ladi. Shu bois, bunday musobaqalardan voz kechish va parhezli, sifatli ovqatlanishni asosiy qoidaga aylantirish yaxshiroqdir. Bu nafaqat salomatlikni saqlaydi, balki ruhiy barqarorlikni ham ta’minlaydi.
Darhaqiqat, bugungi zamonda oziq-ovqat mo‘l-ko‘l va turlicha. Taomlar xilma-xil, gazaklar va souslar esa genno-modifikatsiya qilingan mahsulotlar va transyog‘lar yordamida yanada lazzatli bo‘lgan. Gazli ichimliklar va turli shirin sharbatlar ham ishtahani ochishga xizmat qiladi. Shuning natijasida, ba’zan bir o‘tirishda ikki-uch xil taomni, ustidan salatlar, meva sharbatlari va shirinliklarni ham iste’mol qilishimiz mumkin.
To‘ylarda esa bu holat yanada ko‘proq kuzatiladi — taomlar serob va rang-barang odamni ko‘proq yeyishga undaydi. Ammo shunday mo‘l-ko‘l va turli xil yeguliklardan foydalanishda ham me’yorni saqlash juda muhim. Yetarli miqdorida taomlansak, tanimizga jabr qilmaymiz.
Buyuk hakim Arastudan: “Sen nega sira kasal bo‘lmaysan, boshqalardan farqing nimada?” deb so‘rashganida, shunday javob bergan ekan: “Boshqalar yeyish uchun yashashadi, men esa yashash uchun yeyman”.
Ha xavotirlisi, hozirgi kunda yeyish uchun bahslashadigan, “mechkaylik” musobaqasi ishqibozlari soni keskin ortib bormoqda.
Agar avvallari ishtirokchilar asosan yo‘l-yo‘lakay tasodifan qatnashgan bo‘lsa, hozir boshqa shaharlardan ham g‘olib bo‘lib, ijtimoiy tarmoq “yulduzi” bo‘lish orzusidagilar oshxonalarga oqib kelmoqda. Bu qatlam orasida ayollar va yosh bolalar ham kam emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda ko‘pincha oshxona egalari g‘olibni taqdirlash jarayonini tantanali tashkil etishadi. Biroq bu bilan cheklanib qolishmaydi — ular yangi, yanada “qudratli” ishtirokchilarni chorlash orqali raqobat muhitini kuchaytirishga harakat qiladi. Bunday chorlovlarda turli manzillar yoki yosh toifalariga murojaatlar qilinadi, hatto ba’zan kimningdir “qatiq patiga tegadigan” iboralar ishlatiladi.
Natijada bu holat bir ovqat yeyish bellashuvidan ko‘ra hayot-mamot kurashini eslatuvchi muhitni yaratadi. Shu zaylda, yangi nomzodlar o‘z “sha’nini himoya qilish” yoki “zo‘rligini isbotlash” niyatida o‘sha oshxonaga yo‘l olishadi. Agarda shunday turdagi “mechkaylik” musobaqalari ommalashaversa, ularning g‘oliblari qahramon sifatida targ‘ib etilsa, tabiiyki, ularga taqlid qiluvchilar soni ham ortib boradi.
Ammo o‘ylab ko‘raylik-chi: bu “chempionatlar” ortida nimalar yotibdi? Kim aslida g‘olib — insonmi yo nafsmi? Aslida bunday musobaqalarda inson nafsining g‘alabasi namoyon bo‘ladi. Qatnashchi ovqatni yemas, aksincha, ortiqcha ovqat uning sog‘lig‘ini, umrini “yeb qo‘yishi” mumkinligini anglashi kerak. Shuni unutmaylik: ovqatlanganda qornimiz emas, avvalo ko‘nglimiz to‘lsin.
Shuhrat Normurodov


Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter