Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Yo‘qchilik va to‘qchilik orasi

Yo‘qchilik va to‘qchilik orasi

Foto: Sun’iy intellekt

Poytaxtda o‘tayotgan nufuzli xalqaro tadbir yakunida, hashamat va yuksak did bilan bezatilgan muhtasham saroyda yuqori martabali mehmonlar uchun rasmiy qabul marosimi tashkil etildi. To‘kin dasturxondan ko‘z qamashadi — dunyoning eng mashhur oshpazlari tomonidan tayyorlangan nozik delikateslar, turli millatlar taomlarining eng sara namunalari, noyob mevalar va qimmatbaho shirinliklar tortiq qilindi. Har bir taom nafaqat o‘ziga xos ta’mi, balki betakror san’at asari ekani bilan ham mehmonlarni hayratga soldi.

Davraning to‘rida o‘tirgan, dunyo tan olgan yuqori maqomli xorijlik xonim dasturxonga nafosat bilan qo‘l cho‘zdi. U xilma-xil ne’matlar orasidan aynan bir nonni mehr bilan tanladi.

— Buning ta’mi ajoyib ekan... — dedi u samimiy hayrat bilan. — Men bunday nonni avval hech tatib ko‘rmaganman...

Men ham qiziqib o‘sha nondan bir bo‘lak uzdim. To‘q sariq-jigarrang tusdagi, yuzi taram-taram yorilgan non... Bir tishladim. Va vaqt to‘xtadi. O‘sha ta’m meni yillar osha bolaligimga, mustaqillikning ilk, mashaqqatli kunlariga qaytardi.

To‘qsoninchi yillarning boshlari...

Yo‘qchilikning sovuq nafasi har bir xonadon eshigini qoqqan, ro‘zg‘or degan yuk ko‘pchilikning belini bukayotgan og‘ir yillar edi. Bir xalta un topish ham oson emasdi. Ammo shunday zamonda ham odamlar mehrdan kambag‘al emasdilar. O‘sha yillarning birida onam bilan uzoqroq qarindoshimiznikiga mehmonga borganmiz. Hali ham ko‘z o‘ngimda. G‘aribgina dasturxon, bir chetida bir hovuch parvarda. Qoq o‘rtasida esa rangi sariq, yuzi qurg‘oqchilikdan yorilgan yerni eslatuvchi zog‘ora non. Bu makkajo‘xori uni aralashtirib yopilgan non edi. Lekin u shunchaki non emasdi. U yo‘qchilikning achchiq ta’mi edi.

Men hayrat bilan:

— Ena, nega bu nonning yuzi bunaqa yorilgan? — deb yuborgan ekanman. Shu onda onam oyog‘imdan qattiq chimchiladi. Og‘riqdan ko‘ra uning «jim bo‘l...» degan ma’noli nigohi qattiqroq botgan edi.

Ammo kech bo‘lgandi. Mezbonlarning yuziga og‘ir xijolat soyasi cho‘kdi. Ular mehmon oldida sharoitning og‘irligidan iztirob chekar, ko‘zlarida uzr va andisha balqib turardi. O‘sha mahzun nigohlar, o‘sha siniq tabassum hali-hamon yuragimni tirnaydi. Ammo o‘sha jo‘xori non... U shunchalar totli ediki, uning mehr bilan qorilgan, peshona teri bilan pishirilgan ta’mi yillar o‘tsa ham tilimdan ketmadi.

Xalqaro qabul davom etayotgan edi. Qarshimdagi xorijlik xonim hamon o‘sha nonning betakror ta’mini maqtardi. Men esa jilmayib qo‘ydim. Uning uchun bu shunchaki yangi ta’m, noyob retsept, ekzotik mahsulot edi. Men uchun esa bu non — butun bir xalqning sabri, matonati, mehmondo‘stligi va bolaligimning unutilmas sabog‘i edi.

O‘sha kuni dasturxonga yana qaynatilgan tuxum to‘g‘ralgan palov ham tortilgandi. Go‘shtsiz, yog‘i ham juda kam edi. Ammo mehmon uchun borini ayamay pishirilgan o‘sha palovni uy tuzlamasi bilan shunday ishtaha bilan yeganmizki, hozir ham eslasam qalbim isiydi. U men uchun dunyodagi eng mazali palov bo‘lib qolgan. Chunki taomning mazasini go‘sht emas, uni pishirgan qalb belgilar ekan. Yo‘l uzoqligi sababli o‘sha kuni mehmonda tunab qoldik. Tun yarimlamasdan elektr o‘chdi. Bu o‘sha yillarning odatiy manzarasi edi. Ammo zulmat xona fayzini so‘ndirolmadi. Oddiygina chiroq yorug‘ida butunlay boshqa olam ochildi. Onam bilan qarindoshlarining tonggacha davom etgan suhbatlari, dardlashuvlari, goh ko‘z yoshi, goh qahqahalari hali ham qulog‘imda jaranglaydi. Vaqt o‘tishi bilan hasrat o‘rnini kulgi, sog‘inch va ezgu xotiralar egalladi. O‘sha kulgi elektrsiz qorong‘i xonani emas, qalblarni yoritardi. Bu shunchaki kulgi emas edi. Bu — yo‘qchilik, taqdirning og‘ir sinovlari va qashshoqlik ustidan qozonilgan ma’naviy g‘alaba edi. O‘sha kechada dasturxonning to‘kinligi ham, nonning makkajo‘xori undan yopilgani ham, palovning go‘shtsizligi ham ahamiyatini yo‘qotgandi. Chunki eng katta boylik — diydor edi.

Xalqaro qabul davom etar, xizmatchilar dam-badam taomlarni yangilardi. Qarshimda o‘tirgan xorijlik xonim qalbimda kechayotgan to‘fonlardan mutlaqo bexabar edi. U ko‘zimdagi yoshni ko‘rib, go‘yo men ham o‘zi kabi shu nonning betakror ta’midan zavqlanayotganimni o‘yladi. Sirli jilmayib qo‘ydi.

Eh, zamon...

Bugun oltin va billur idishlarda eng noyob delikates sifatida ulug‘lanayotgan shu makkajo‘xori noni uchun bir vaqtlar onamning mushtipar qarindoshi qanday iztirob chekkan edi. O‘z farzandlarining rizqini qiyib, mehmonga borini tutgan ayol dasturxonidagi shu nondan uyalib, yerga kirib ketgudek bo‘lgandi.

Bugun esa...

O‘sha paytlar kambag‘allik ramzi bo‘lgan nonni dunyoning narigi chekkasidan kelgan aslzoda xonim yuksak did bilan tanovul qilmoqda. Uning uchun bu — «organik mahsulot», «sog‘lom ovqat», «ekologik toza non». Ammo u bu nonning zamirida butun bir millatning sabri, onalarning ko‘z yoshi, mehnatidan qavargan qo‘llari va andishadan qizargan yuzlari mujassamligini bilmasdi.

Bugun dasturxonlarimiz to‘kin. Nonlarimiz oppoq. Ammo o‘sha kechadagi sham nuri, o‘sha xonadagi samimiyat, o‘sha dasturxon atrofidagi beg‘araz mehr bugungi hashamatli ziyofatlarda kamyob bo‘lib qolayotgandek. Chunki insonni to‘ydiradigan narsa faqat non emas. Uning ruhini to‘ydiradigani — diydor. Qalbini isitadigani — mehr ekan. Bugungi serhasham davralarda aynan shular — diydor, mehr va samimiyat eng tansiq ne’matga aylanib borayotgandek...

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети