Xitoyning olti avtobrendi Yevropani zabt etishni ko‘zlayapti

Xitoyning kamida oltita yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi yig‘ish korxonalarini qurish yoki sotib olish orqali Yevropani zabt etishni maqsad qilgan. Bu haqda «Avtostat» direktori Sergey Selikov o‘z telegram-kanalida Fransiyaning Inovev tahlil markazi ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.
«BYD Vengriyaning Seged shahridagi zavodini qurishni yakunlayapti, u yerda kelgusi yilning kuzida birinchi modellar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. 2026-2027-yillarda ushbu zavodda Yevropa bozori uchun to‘rt xil model, jumladan, Dolphin Surf (B segmenti) yig‘ilishi mumkin. Kompaniyaning ikkinchi zavodi Turkiyada, uchinchisi Italiyada qurilishi mumkin», — dedi ekspert.
Shuningdek, Chery avtomobil brendi 2024-yil oxiridan Barselonadagi sobiq Nissan zavodi quvvatlaridan foydalanishni boshlagan. Hozir u yerda Ebro va Omoda modellari yig‘ilmoqda.
SAIC Group tarkibiga kiruvchi MG brendi Xitoy avtokompaniyalari orasida Yevropadagi yetakchi sotuvchi hisoblanadi, dedi Selikov. Bu kompaniya ham ishlab chiqarish maydonchasini faol qidiryapti.
«Geely o‘zining Smart va Polestar modellarini Yevropada aynan shu bozor uchun yig‘ishni rejalashtirgan. Inovev ma’lumotlariga ko‘ra, Vengriya, Chexiya yoki Slovakiyadan biri tanlanishi mumkin. Bu Slovakiya bo‘lishi ehtimoli kattaroq, degan xabarlar bor. Zavod 2028-yilda ochilishi kutilyapti», — dedi mutaxassis.
Shuningdek, Dongfeng va Xpeng brendlari ham Yevropa bozorini zabt etishga jiddiy shaylanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter