Qirg‘izistonda o‘lim jazosi tiklanishi mumkin

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni va bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari uchun o‘lim jazosini qaytarishni taklif qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Asqat Alagozov Facebookda ma’lum qildi.
Tashabbusga 17 yoshli qizning o‘ldirilishi sabab bo‘lgan.
«Voyaga yetmagan qizning o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirilishi bo‘yicha ish davlat rahbarining shaxsiy nazorati ostida. Prezident administratsiyasi Huquqiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘iga qonunchilikka bolalar, qizlar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yuqori darajada kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar tayyorlashni topshirdi», — deb yozdi Asqat Alagozov
Ta’kidlanishicha, prezident Japarov, ayniqsa, bolalar va ayollarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerak deb hisoblaydi.
Ma’lumot uchun: shu yilning 27-sentyabr kuni Issiqko‘l viloyatida yashovchi 17 yoshli qiz bedarak yo‘qolgan: u qo‘shni qishloqqa borib, aloqaga chiqmay qo‘ygan. Uning jasadi ikki kundan keyin darada topildi. Tez orada gumonlanuvchi — Bishkekda yashovchi 41 yoshli shaxs qo‘lga olindi. U qizni o‘g‘irlab, keyin zo‘rlab o‘ldirganiga iqror bo‘ldi. Unga qo‘llanilgan modda bo‘yicha 12 yildan umrbodgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
1988-yilda Qirg‘izistonda o‘lim jazosiga ikki yillik moratoriy joriy etilgan va keyin bir necha bor uzaytirilgan. 2007-yilda o‘lim jazosini qo‘llash respublika Konstitutsiyasidan chiqarib tashlangan.
Bunday muhokamalar o‘zbek jamoatchiligi uchun ham begona emas.
Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkent shahri Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan vahshiy qotillik ortidan o‘lim jazosini tiklashni taklif qilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev esa ushbu taklifga keskin e’tiroz bildirib, «o‘lim jazosini tiklash kerak deganlarga Konstitutsiya kitobini sovg‘a qilish»ni maslahat bergandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 1-maydan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 25-moddasida o‘lim jazosi taqiqlanishi alohida qayd etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2022-yilda «yashash huquqi har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgani»ni ta’kidlab, mamlakat ushbu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini aytgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter