Mast haydovchining 20 million so‘mlik «taklifi» qimmatga tushdi
Buxoroda mast holatda avtomobil boshqargan haydovchi «yomg‘irdan qochib, do‘lga tutildi». U yo‘l harakatini qo‘pol ravishda buzib, qonundan qochish uchun mas’ul xodimga pora taklif qildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev ma’lum qildi.
Buxoro viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan Kogon tumani hududida mast holatda transport vositasini boshqarib kelayotgan haydovchi G.D. to‘xtatilgan. Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasi (Transport vositalarini mastlik holatida boshqarish) asosida tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Biroq, qoidabuzar haydovchi qilmishi uchun qonuniy javob berish o‘rniga, mas’uliyatdan qutulish yo‘lini tanlagan. G.D. to‘plangan hujjatlar sudga oshirilmasligi va o‘ziga nisbatan chora ko‘rilmasligi evaziga mas’ul xodimga 20 million so‘m miqdorida pora taklif qilgan. Xodim esa qonun ustuvorligini ta’minlab, mazkur noqonuniy taklif haqida darhol rahbariyatga yozma tarzda bildirgi kiritgan va qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Tezkor tadbir davomida qoidabuzar shaxs 20 million so‘m pora berayotgan vaqtida ushlangan. Amaliyot IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Kogon tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Holat yuzasidan ashyoviy dalillar rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi ( Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, mast holatda rulga o‘tirish faqatgina haydovchining emas, yo‘ldagi boshqa odamlarning ham hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Qonunni pul bilan «hal qilish»ga urinish esa javobgarlikni yanada og‘irlashtiradi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter