Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YPX xodimini «sotib olmoqchi bo‘lgan» shaxs jazoga tortildi

YPX xodimini «sotib olmoqchi bo‘lgan» shaxs jazoga tortildi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimiga pora berishga uringan fuqaro sud hukmi bilan jazoga tortildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan ushbu ishda ayblanuvchi I.J.ga nisbatan 2,5 yil muddatga ozodlikni cheklash hukmi e’lon qilingan.

Sud materiallariga ko‘ra, Qorako‘l tumani «Yangibozor» mahallasi, «Sayot» qishlog‘ida yashovchi 62 yoshli yoshli I.J. o‘zining boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashinada Qorako‘l-Olot yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan paytda YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida haydovchi avtomashinani boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda rulga o‘tirgani aniqlangan. Shu sababli inspektor tomonidan unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u 2024 yilda ham mast holda avtomashina boshqargani uchun sud qarori bilan 1 yil 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo‘lgan.

Sudda aniqlanishicha, haydovchi ma’muriy javobgarlikdan qutilish maqsadida inspektorga avval 1 million so‘m, keyin esa 2 million so‘m miqdorida pul taklif qilgan. YHXB inspektori bu harakat jinoyat ekanini tushuntirganiga qaramasdan, I.J. o‘z taklifini qayta-qayta takrorlagan. Holat yuzasidan inspektor tegishli organlarga murojaat qilgan va tezkor tadbir tashkil etilgan.

Tezkor tadbir davomida Qorako‘l tumani «Do‘stlik» mahallasidagi avtomashinalar jarima maydonchasida I.J. inspektorga 2 million so‘m pulni pora sifatida bermoqchi bo‘lgan paytida qo‘lga olingan. Pullar xolislar ishtirokida sanab chiqilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan. Sud xulosasiga ko‘ra, inspektor pora olishdan bosh tortgani sababli jinoyat to‘liq sodir etilmagan. Shuning uchun Jo‘raqulovning harakatlari Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) emas, balki, 25-modda va 211-modda 1-qismi - pora berishga suiqasd sifatida qayta malakalangan.

Sud Jo‘raqulovning ilgari sudlanmagani, aybiga iqror bo‘lgani, yoshi va pensiyada ekanini inobatga olib unga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring