Bu yil necha kishi pora bergani uchun qamalgani ma’lum bo‘ldi
2025-yilning 11 oyida O‘zbekistonning 465 fuqarosi pora bergani uchun qamaldi, deyiladi Oliy sud matbuot xizmati bergan ma’lumotda.
2024-yilda Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan 1 991 nafar shaxs sudlanib, ularning 651 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 1 340 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan (jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash va shartli hukm) jazolar tayinlangan.
Joriy yilning 11 oyi mobaynida mazkur moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan 1 801 nafar shaxs sudlanib, ularning 465 nafari ozodlikdan mahrum qilindi hamda 1 336 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora berish:
a) takroran, xavfli residivist yoki ilgari ushbu kodeksning 210 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora berish:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter