Buxoroda o‘zboshimcha qurilayotgan imorat «snos»ga uchradi

Kogon tumanidagi «Tutkunda» MFY hududida joylashgan namunali uy-joylarda yashovchi aholining noroziligi sabab Kadastr agentligi Kogon tumani bo‘limi o‘zboshimcha qurilayotgan imorat «snos»i yuzasidan Buxoro viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga da’vo arizasi kiritishiga to‘g‘ri keldi. Sud hal qiluv qarori Buxoro viloyati Majburiy ijro byurosiga taqdim etildi. Boshqarmaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, o‘zboshimchalik bilan qurilayotgan imoratning ayvon va beton poydevori mavjudligi aniqlangan.
«Biz, yashash hududimizdagi ikki imoratni birlashtirgan holda ular o‘rtasida qo‘shimcha imorat barpo etilayotganidan hayratga qoldik. Umuman, shaharsozlik me’yorlariga ham to‘g‘ri kelmaydigan, yetmaganiga, o‘rtada darvoza ham o‘rnatilayotganidan hafsalamiz pir bo‘ldi. Bu haqda avvaliga fuqaro J.H.ning o‘ziga bildirdirdik. U esa, biz, ko‘p sonli aholining noroziligiga, hatto, e’tibor ham qilmadi. Keyin mas’ul tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldik», — deydi aholi vakillari.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahrida yashovchi fuqaro J.H. Kogon tumanida «Tutkunda» MFY hududidagi ikki imoratning oralig‘i bo‘lgan 70,0 kvadrat metr yo‘lakda ayvon va beton poydevor tiklab, ustidan qo‘shimcha imorat qurishni ko‘zlagan.
Aholining esa odamlar va avtomobil qatnovi yo‘lagining o‘zboshimchalik bilan egallab olinayotgani haqidagi noroziligi asosli, deb topilgan va qurib bitkazilmagan noqonuniy imorat buzib tashlangan.
«Har qanday qurilish ishlari anchagina xarajat talab qiladi, oila budjetiga esa sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Achinarlisi, fuqaro H.J. fuqarolar noroziligi va o‘z vaqtida ogohlantirishiga qaramay, «o‘ziga xon, o‘ziga bek»likda davom etgan. Bunday o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmalar, albatta, sud qarorlariga asosan, Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan bartaraf etiladi» — deydi Ixtiyor Olimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter