Chaqaloq kimga beriladi? Buxoro ishidagi muhim savollar
Ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoroda 3 kunlik chaqalog‘ini sotayotgan ona qo‘lga olindi» sarlavhasi ostida e’lon qilingan video-material minglab tarmoq kuzatuvlari muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Kuzatuvchilarning aksariyati 18 yoshli qizning bolasini nega sotishga uringani va chaqaloqning kelgusidagi taqdiri haqidagi qiziqishlarini ilgari surishgan.
O‘rganilishicha, Romitan tumanilik 18 yoshli N.S.ning farzandining otasi 26 yoshli fuqaro S.Q.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati mas’ullarining «Xabar.uz» ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’sul xodimning bildirishicha, bunday jinoyat uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bor. Dastlabki tergov harakatlari davomida esa barcha jihatlar izchil o‘rganiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida ayollarning 3 yoshgacha bo‘lgan bolasi bilan birga bo‘lishi uchun sharoitlar bor.
«Lekin, ushbu vaziyatda ona o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganligi sababli qonunga muvofiq, u ota-onalik huquqidan mahrum qilinadi va bola u bilan qamoqxonaga jo‘natilmaydi. Bunday holatda bolaning taqdirini davlat o‘z zimmasiga oladi. Chaqaloq, avvalo, yaqin qarindoshlariga tavsiya qilinadi. Agar ular rad etsa, chaqaloq vaqtinchalikka «Oilaviy bolalar uyi»ga joylashtirilib, keyinchalik munosib belgilangan tartibda yaxshi oilaga farzandlikka berilishi ta’minlanadi»,-deydi mas’ul xodim.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter