Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda 40 kunlik «safarbarlik» start oldi

Buxoroda 40 kunlik «safarbarlik» start oldi

Foto: Xabar.uz

Buxoroda 40 kunlik «safarbarlik» start oldi. «Obod mahalla – obod Buxoro» shiori ostidagi obodlik harakatining ilk kunidayoq, aholi mahalla obodligi uchun birlashishda katta kuch ekanini namoyon etdi. Shunga qaramasdan, bu umumiy tashabbusni chetdan kuzatishni ma’qul ko‘rganlar ham uchradi.

Buxoro viloyatida 516 ta mahalla mavjud. Territorial jihatdan katta va cho‘l hududlar bilan ham chegaralangan. Minglab ko‘chalar aholi xizmatida. Turli mahalla va ko‘chalari bo‘ylab kezar ekansiz, beixtiyor turli manzaralarga guvoh bo‘lasiz. Bir manzilda zamonaviy, hashamatli binolar, qator-qator aholi turar joylari qad rostlagan, ammo, ko‘chalari tozalikka muhtoj. Boshqa bir manzilda esa oddiygina xonadonlar bo‘lsa-da, atrofi ozoda, ko‘ngilga yaqin. Yana bir joyda muqaddas qadamjolar va mozorlar obod qilingan bo‘lsa, boshqa hududlarda ular qarovsizlik va hasharga muhtoj ahvolga kelib qolgan.

Ayrim xonadonlar oldida qimmatbaho, so‘nggi rusumdagi avtomobillar saf tortib turadi. Biroq, aytish o‘rinliki, o‘sha xonadonlar darvozasi oldidagi ariqlar  tiqilib yotibdi, yo‘l chetini yovvoyi o‘tlar bosgan, chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmagan, ko‘chalari esa uzoq vaqtdan buyon supurgi ko‘rmagan. Ba’zi mahallalarda tungi yoritish tizimi ishlamaydi, ichimlik suvi yoki oqova tizimi bilan bog‘liq muammolar odamlarni qiynaydi. Ayrimlarida bolalar maydonchalari yetarli emasligi, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani yoki  bunday maydonchalar, umuman, yo‘qligiga guvoh bo‘lasiz. Qaysidir hududlarda eski daraxtlar qurib qolgan, butalanmagan yoki yangilari o‘tqazilmagan. Yo‘l va piyodalar yo‘laklari talab darajasida emas. Bu kabi holatlarni kuzatar ekansiz, faqatgina mahallaning tashqi ko‘rinishi emas, aholining yashash sifati hammahalla muhitiga bevosita ta’sir ko‘rsatishiga amin bo‘lasiz. Chunki, ko‘cha tozaligi, tungi yoritish, ichimlik suvi, oqova tizimi, bolalar maydonchalari, daraxtlar holati - bularning barchasi bevosita aholi turmush sifatiga ta’sir qiladi.

Albatta, mahalladagi barcha muammolarning yechimini birgina mahalla raisi zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. Bu jarayonda mahalla raisi bilan bir qatorda profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, kommunal tashkilotlar va eng asosiysi, har bir fuqaro ham ishtirok etishi kerak.          Shu munosabat bilan Buxoroo viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Buxoroda 40 kunlik safarbarlik «start» oldi. «Obod mahalla – obod Buxoro» shiori ostidagi ushbu obodlik harakatining ilk kunidayoq, aholi mahalla obodligi uchun birlashishda katta kuch ekanini namoyon qildi.

- Bugun barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, obodlik ishlariga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. «Obod mahalla — obod Buxoro» shiori faqat so‘zda emas, amalimizda ham aks etishi lozim. Shahrimizda chiqindilar to‘planib qolsa, atrof-muhitga befarq qarasak, bu bizga yarashmaydi. Uyat bo‘ladi. Katta bayramlar arafasida har bir xonadon, har bir ko‘cha, har bir korxona va tashkilot obodlik maskaniga aylanishi zarur. Kamchiliklarni  o‘zimiz bartarf etaylik. Keksalarimiz yoshlarga o‘rnak bo‘lsin, yoshlarimiz esa tashabbus bilan maydonga chiqsin. Tozalik va obodlik bor joyda fayzu-baraka bo‘ladi. 40 kunlik obodlik harakatini umumiy maqsad va birdamlik asosida amalga oshiraylik,-dedi Buxoro hokimi Botir Zaripov.

Harakat davomida viloyat hokimi yetakchiligida mutasaddi rahbarlar ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon holat bilan tanishishdi. Jarayonga jalb etilgan maxsus texnikalar hududlardagi obodonlashtirish ishlarini jadallashtirishga xizmat qildi. Chiqindilar olib chiqildi, ariqlar tozalandi, ko‘cha va yo‘laklar tartibga keltirildi, aholi bilan bevosita muloqot qilinib, mavjud muammolar o‘rganildi.

Ayrim fuqarolar uy-joyi atrofini tartibga keltirmaganidan xijolat chekkan bo‘lsa, ayrimlari bu “kamchilik”larini tezda bartaraf etishlarini bildirishdi.

Aytish joizki, amaliy safarbarlikda ko‘zda tutilgan maqsadlar ijrosini ta’minlash uchun 4 ta sektor jalb etilgan.  Harakat davomida sektor kesimida obodonlashtirish ishlarining amaliy holati o‘rganilgan. O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Ashurovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, ijro yuzasidan 4 ta sektor kesimida o‘tkazilgan ushbu tahlillarda ayrim kamchiliklar ham  qayd etilgan.

4 ta sektorda jami 58 ta tashkilotga mahallalar biriktirilib, ular tomonidan 53 ta HOWO, 114 ta ISUZI, 65 ta pogruzchik, 1 360 nafar ishchi hamda 24 ta kosilka jalb etilishi belgilangan. Biroq, amaliy tahlillarga ko‘ra, 11 ta HOWO, 49 ta ISUZI, 23 ta pogruzchik, 410 nafar ishchi jalb qilingan.

Biriktirilgan mahallalarda obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etgan hamda belgilangan vazifalarning asosiy qismini o‘z vaqtida bajargan Buxoro tuman hokimligi, Buxoro tuman Avtoyo‘l, Jondor tuman Avtoyo‘l, «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»  AJ, «Xalq banki» viloyat bo‘limi, G‘ijduvon tuman Avtoyo‘l, Shofirkon tuman Avtoyo‘l, Vobkent tuman Avtoyo‘l, «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali, «Agrobank»ning viloyat boshqarmasi, «Mikrokreditbank» viloyat bo‘limi, Olot tuman hokimligi, Qorako‘l tuman hokimligi, Romitan tuman Avtoyo‘l, Olot tuman Avtoyo‘l, Qorako‘l tuman Avtoyo‘l, Kogon tuman Avtoyo‘l hamda «Aloqa bank» viloyat bo‘limi tomonidan ishlar ijobiy tashkil etilgan.  

Biroq, Jondor tuman hokimligi, Kogon shahar hokimligi, «Ipoteka bank» ATIB viloyat filiali, Viloyat soliq boshqarmasi, «Buxoro Zarhal Teks» MChJ, «Qorako‘l don» MChJ,, «Ark Eko Tekstil Klaster» MChJ, «Parvoz Xumo Ravnaq trans» MChJ, «Merganteks» MChJ, «Kogon don» MChJ, Qorovulbozor tuman hokimligi, Peshku tuman hokimligi hamda Qorovulbozor tuman Avtoyo‘l bo‘limi tomonidan obodlik ishlari amalga oshirilmagan.  Natijada mazkur tashkilotlarga biriktirilgan B.Naqshband, Istiqlol, Foshun, S.Ayniy, Yoshlik, Bexishtiyon, Fitrat, Zarafshon, Yangiobod, Jo‘bor, Furqat, S.Sheroziy hamda G‘ijduvoniy mahallalarida obodonlashtirish ishlari umuman bajarilmagan.

Ayniqsa, 2-, 3- va 4-sektorlarda belgilangan 18 ta kosilkaning birortasi, shuningdek, 2-sektorda rejalashtirilgan 14 ta HOWOning birortasi jalb qilinmagan.

Bu, albatta, qator idora, tashkilotlarning safarbarlikka mas’uliyatsiz munosabatda bo‘linganlikni ko‘rsatadi.

Aytish joizki, mas’uliyat taqsimlangan joyda nazorat ham bo‘lishi shart. Nazorat bo‘lmagan joyda esa vazifalar qog‘ozda bajarilgan, amalda esa muammolar saqlanib qolgan holatlarga duch kelinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring