Buxoroda 4 yil davomida qurol yashirib kelgan ayolga hukm o‘qildi
Illyustrativ foto
Buxoroda ov miltig‘ini 4 yil yashirgan ayolga hukm o‘qildi.
Voqea 2022-yilda boshlangan. Ota-onasi davolanish uchun Toshkentga ketgan kunlarda bobosidan qolgan eski uyni buzdirgan fuqaro Sh.A. yer tekislanayotganda, tuproq orasidan bir qop chiqib qolganini hayrat bilan qarshilagan. Qop ichida ikki bo‘lak temirga o‘xshagan buyumlar bo‘lgan. Keyinchalik ularning «Ijevsk» qurol zavodida ishlab chiqarilgan, 20 kalibrli «Ij-5» rusumli ov miltig‘i ekanini aniqlatgan.
Sh.A. o‘shandayoq, yashash xonadonida har qanday qurol borligi haqida tegishli idoralarga ma’lum qilishi kerakligi haqida bilsa ham atayin bu haqda xabar bermay kelgan. Uni o‘z yashash uyiga olib ketib, avval somonxonaga, keyin esa boshqa joyga yashirib qo‘ygan. Miltiq, qariyb, to‘rt yil davomida ruxsatnomasiz saqlangan.
2025 yilning kuzida yaqin tanishi unga bu qurolni rasmiylashtirish yoki topshirish kerakligini aytgan. Biroq, ayol bu ishni paysalga solib kelavergan. Joriy yilda esa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining ushbu masalada uning xonadoniga kelishgani ayolning shuncha vaqt davomida qurol borligi haqida, hatto, o‘z oilasidagilarni ham ogohlantirmagani oshkor bo‘lgan. U qurol borligini yashirmagan va ov miltig‘ini o‘zi yashirib qo‘ygani - hashaklar orasidan olib chiqib, ixtiyoriy ravishda topshirishga majbur bo‘lgan.
Tergov davomida tayinlangan ballistik ekspertiza xulosasi miltiq haqiqatan ham o‘qotar qurol ekani va undan o‘q uzish mumkinligini tasdiqlagan. Sudda so‘roq qilingan ikki nafar xolis ham qurolning, aynan, Sh.A.tomonidan taqdim etilganini tasdiqlab, ko‘rsatma bergan.
Sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U qurolni sotmaganini, undan foydalanmaganini, qilgan ishidan chin dildan pushaymon ekanini bildirgan. Ilgari sudlanmagani, aybiga iqrorligi va oilaviy sharoiti sud tomonidan jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida baholangan.
«Qonun oldida quroldan foydalanilgani yoki yo‘qligi emas, uni qonunga xilof ravishda saqlashning o‘zi ham jinoyat hisoblanadi. Topilgan o‘qotar qurolni tegishli idoralarga topshirmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi»,—deydi Boborahim Ochilov.
Sud Sh.A.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topdi. Unga ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida: Ashyoviy dalil sifatida saqlangan «Ij-5» rusumli ov miltig‘ini davlat egaligiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter