Buxorodagi 619 mln so‘mlik ortiqcha to‘lov: kim javob beradi?
Bir yilmas, atigi, olti oy davomida Buxoro viloyatida 619 million so‘mlik ortiqcha to‘lov aniqlangan. Bu judayam achinarli holat. Hozircha iste’molchilardan ortiqcha olingan 318,9 million so‘m mablag‘ qaytarilgan.
Raqobatga zid 12 ta hujjat, 215 ta reklama qonunbuzilishi, 250 ta davlat xaridi loti va 4 586 ta davlat organlari hujjati o‘rganilgan. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Vahob Qahhorovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, ushbu aniqlangan har bir qonunbuzilish holatlariga nisbatan profilaktika choralarini kuchaytilmoqda.
Ma’lumki, boshqarma tomonidan narx va tariflar monitoringidan tortib, davlat xaridlari, birja savdolari, reklama va dorixonalar faoliyatigacha bo‘lgan sohalar qamrab olinadi. Viloyatda narx va tariflarning qonuniy shakllanishi hamda qo‘llanilishini nazorat qilish maqsadida 8 ta tabiiy monopoliya subyekti va 7 ta monopol korxona faoliyati monitoring qilingan. Bunda 12 turdagi xizmat va tovarlar bo‘yicha narxlarning amalda qanday qo‘llanilayotgani tahlil etilgan. O‘rganishlar natijasida 8 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan iste’molchilardan jami 619 million so‘m miqdorida ortiqcha to‘lov undirilgani aniqlangan.
- Mazkur holatlar bo‘yicha iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Aytish joizki, bozorda narxlarning asossiz oshirilishi yoki belgilangan tartibning buzilishi, birinchi navbatda, iste’molchi manfaatiga salbiy ta’sir qiladi. Shu bois, narx va tariflar ustidan monitoringni tizimli ravishda olib borish, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va ortiqcha undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarishni ta’minlash muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib qolmoqda, — deydi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Vahob Qahhorov.— Bundan tashqari, raqobat muhitini ta’minlashda davlat xaridlari ham muhim o‘rin tutadi. Shu sababli elektron davlat xaridlari tizimi orqali o‘tkazilgan tanlov va tender savdolari ham nazoratdan chetda qolmadi. Hisobot davrida boshlang‘ich narxi jami 70,6 milliard so‘m bo‘lgan 250 ta lot o‘rganildi. Tahlillar jarayonida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
«Hokimliklarning 4,5 mingdan ortiq hujjati inventarizatsiya qilindi...»
Raqobat muhitiga davlat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qaror va hujjatlarning ta’siri ham alohida o‘rganilgan. Bunda 6 ta mahalliy hokimlik va 1 ta boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan hujjatlar tahlil qilingan. 4 586 ta hujjat inventarizatsiyadan o‘tkazilgan. Ularning 12 tasida raqobatga zid holatlar aniqlangan. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, tegishli qarorlarni bekor qilish yoki ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgan.
— Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan 1 800 dan ortiq davlat muassasalari faoliyati ham tahlil qilindi. Natijada 72 ta davlat muassasasini xususiylashtirish yoki ularning mulkchilik shaklini o‘zgartirish bo‘yicha tegishli xulosalar berildi. Bundan maqsad esa davlat ishtirokini raqobat mavjud bo‘lgan bozorlarda yangi imkoniyatlarini yaratishdan iborat,—dedi boshqarma boshlig‘i.
Hisobot davrida 51 ta subyekt tomonidan 19 turdagi yuqori likvidli mahsulotlar birja savdolariga qo‘yilishi holati ham o‘rganilgan. Bunda jami 6,7 trillion so‘mlik mahsulotlarning birja savdolari orqali sotilish ta’minlangan. Biroq, savdo jarayonlarida qonunbuzilish holatlari ham qayd etilgan. Xususan, birja savdolarida manipulyasiya holatlariga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan 11 ta subyektga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Nazorat bor, muammo ham yo‘q emas
Raqobat bilan bir qatorda, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishi ham boshqarma faoliyatining muhim qismini tashkil etadi. Shunga ko‘ra, chakana savdo obyektlarida sotilayotgan tovarlarning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini nazorat qilish maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazilgan. Bunda xalq iste’moli tovarlarining 9 turdagi mahsulot nomenklaturasi bo‘yicha 32 turdagi tovar savdo nomlari sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘rganilgan.
Dorixonalar faoliyati bo‘yicha esa “Fair tech” yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan murojaatlar asosida 22 ta subyektda 62 119 ta iste’molchi murojaati ko‘rib chiqilgan. O‘rganishlar natijasida iste’molchilardan noto‘g‘ri ravishda jami 318,9 million so‘m mablag‘ ortiqcha olingani aniqlangan.
- Ushbu noto‘g‘ri undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Iste’molchi huquqini himoya qilish faqat qonunbuzilishni aniqlash bilan cheklanmaydi. Asosiy natija esa fuqaroning buzilgan huquqini tiklash, unga yetkazilgan zararni qoplash va kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik. Shu nuqtai-nazardan, har bir murojaat biz uchun alohida e’tibor talab qiladi, - ta’kidladi Vahob Qahhorov.
Reklamada tartibsizlik: 215 ta qonunbuzilish
Bugungi kunda Reklama jamiyat rivojining eng ta’sirchan vositalaridan hisoblanadi. Har qadamda Reklama va e’lonlarga ko‘zingiz tushadi. Lekin, ular nechog‘li talab darajasida. Ushbu sohasida nazorat tadbirlari qanday o‘tkaziladi, bu ko‘pchilikka ayon emas.
Boshqarma tomonidan reklama sohasida ham nazorat tadbirlari olib borilishi jarayonidan 940 ta reklama obyekti va materillari monitoring qilingan. Natijada 215 ta qonun buzilishi holati aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 57 ta ish qo‘zg‘atilgan. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalarni belgilangan muddatlarda bajarmagan 11 ta subyektga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilgan. Shu bilan birga, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar ham amalga oshirilgan. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun xizmatlarni qulaylashtirish maqsadida onlayn tarzda berilgan arizalarni ko‘rib chiqish natijasida 1 280 ta pasport rasmiylashtirilgan.
619 million so‘mlik ortiqcha to‘lov: kim javob beradi?
Boshqarma boshlig‘i monopol holatlarni cheklash, davlat xaridlarida raqobatni ta’minlash, raqobatga zid qarorlarni bartaraf etish va birja savdolari shaffofligini ta’minlashga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, sifatsiz yoki xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni aniqlash, ortiqcha undirilgan mablag‘larni qaytarish kabi vazifalar ham amalga oshirilganiga to‘xtalib o‘tdi.
- Atigi, olti oy davomida 619 million so‘m ortiqcha to‘lov aniqlandi. Bu judayam achinarli holat. Hozirda iste’molchilardan ortiqcha olingan 318,9 million so‘m mablag‘ qaytarildi. Raqobatga zid 12 ta hujjat, 215 ta reklama qonunbuzilishi, 250 ta davlat xaridi loti va 4 586 ta davlat organlari hujjati o‘rganilgani hali amalda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarning juda ko‘p va mas’uliyatli ekanini ko‘rsatadi. Aniqlangan har bir qonunbuzilishni bartaraf etish bilan birga, uning sabablarini o‘rganish va profilaktika choralarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Va ortiqcha to‘lovning har bir tiyini uchun shunday qonunbuzilishiga sabab bo‘lgan mas’uliyatli shaxs javob beradi, — dedi Vahob Qahhorov.
Demak, monopol holatlarni cheklash, narx va tariflarning qonuniy qo‘llanilishini nazorat qilish, davlat xaridlarida raqobat tamoyillarini ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, milliardlab so‘mlik ortiqcha to‘lovlar aniqlanmoqda, qonunbuzilishlar bartaraf etilmoqda, iste’molchilarning huquqlari tiklanmoqda va bozorda teng raqobat uchun sharoitlar kengaymoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter