Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xuddi shunday, janob prokuror»

«Xuddi shunday, janob prokuror»

«Hovli olma − qo‘shni ol» degan gapni aytgan kishining otasiga rahmat, onasiga qulluq. Nega deysizmi?

To‘qsoninchi yillarning boshida Toshkentning qoq markazida joylashgan Darxon mavzesida turardik. Olti qavatli «moskovcha» uylar. Qo‘shnilar ham shunga yarasha – vazir, vazir o‘rinbosari, prokuror, sudya, yuqori lavozimli harbiy, endi-endi quloch yozayotgan yangi nimjon boylar. Qo‘shnichilik bilinar-bilinmas darajada. Ko‘pchilik o‘zi bilan o‘zi ovora. Kirdi-chiqdi qilish yo‘q hisobi.

Bahorda hovlini tozalash uchun hashar uyushtirgan edik, ellikdan ortiq uydan atigi uch-to‘rt kishi pastga tushdi. Bir-ikkita xonadon egalari, vaqtlari bo‘lmagan chog‘i, mardikor yollashibdi.

Ha, mayli, shunisiga ham shukur, deb hovlini tozaladik, suv yo‘llarini ochdik, daraxtlar tagini yumshatib, shakl berdik. Ko‘rgan kishining bahri-dili ochiladigan hovli bo‘ldi. Ammo...

Oradan uch-to‘rt kun o‘tib-o‘tmay, biz tozalagan joylar yana ifloslana boshladi. Kimdir chiqindi to‘la paketni balkondan otganmi, sochilib yotibdi. Ichida bo‘sh konserva idishlari, konfet, sigareta, kolbasa, baliq tuzlamasi, qora-qizil uvuldiriq, yana boshqa – oddiy odamlarning shu choqqacha ko‘zi ham tushmagan qimmatbaho yegulik-ichkiliklarning qoldiqlari. Yana non bo‘laklari deng.

Kim shunday qilishi mumkin? O‘zimcha jurnalist tekshiruvi o‘tkazdim. Olti qavatli uyning har qavatida ikkitadan xonadon bor. Birinchi qavat – yo‘q, bu qo‘shnilar bunday qilishmaydi. Ikkinchi qavatda o‘zimiz turamiz, qo‘shnimiz bir-ikki oydan beri bu uyiga kelmaydi. Uchinchi qavatdagilarga ham shubha yo‘q...

Asta ko‘tarila boshladim. O‘zbekistonga tartib o‘rnatish uchun kelgan desantchi prokuror yashaydigan xonadonga to‘xtadim. «Ha, shu oilaning ishi. Domda «Marlboro» sigaretasini shu «tartibchi»dan boshqa hech kim chekmaydi. Qimmat konfetlar, kolbasalar shundaylarning dasturxonida bor».

Xulosam aniqligiga ishonch hosil qilgach, sochilib yotgan axlatni paketga joylab, yuqoriga ko‘tarildim va eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Paketni menga yovsirab qarab turgan xizmatkor ayolning qo‘liga berib, orqamga qaytdim...

Ertasiga ertalab prokuror Gaydanov bilan hovlida xizmat mashinalarimizga o‘tirayotib uchrashib qoldik. U menga o‘dag‘aylab, prokurorona po‘pisa qildi, «Mening uyim senga musurxonami?» dedi.

Men harbiychasiga «Xuddi shunday, janob prokuror», deb battar jazava qo‘zg‘adim. Yana bir-ikki jumladan keyin popugi o‘z-o‘zidan pasaydi. Chunki... qo‘lidagi sigareta uni allaqachon fosh qilib bo‘lgan edi.

Ahmadjon Meliboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring