O‘zbekistonda g‘o‘zapoyadan asfalt yaratiladi
Samarqand davlat texnika universiteti olimlari Turkiyadagi Chukurova universiteti mutaxassislari bilan hamkorlikda g‘o‘zapoyadan asfalt xomashyosi olishga qaratilgan xalqaro ilmiy loyihani boshladi.
Umumiy qiymati 2 milliard 824 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasida paxta g‘o‘zapoyasi piroliz usulida qayta ishlanadi. Natijada bioyog‘ va bioko‘mir olinib, ular asfalt-beton tarkibidagi an’anaviy neft bitumining o‘rnini bosuvchi xomashyo sifatida sinovdan o‘tkaziladi.
Tadqiqotning dastlabki bosqichida bioyog‘ va bioko‘mirdan asfalt tarkibida 15 foizgacha, keyinchalik esa 30 va 45 foizgacha foydalanish imkoniyati o‘rganiladi. Bu yo‘l qurilishida neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish bilan birga, qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Loyiha doirasida g‘o‘zapoyadan olingan mahsulotlar asosida ekologik toza, uzoq muddat xizmat qiladigan va o‘z-o‘zini tiklash xususiyatiga ega asfalt qoplamalar yaratish ko‘zda tutilgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, asfaltning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan bitum neftdan olinadi. Neft qayta tiklanmaydigan resurs bo‘lganligi uchun uning o‘rnini qisman mahalliy va qayta tiklanadigan xomashyo bilan almashtirish muhim ahamiyatga ega.
Yangi texnologiya, shuningdek, asfalt qoplamalarida vaqt o‘tishi bilan yuzaga keladigan mikroyoriqlar muammosini kamaytirishga qaratilgan. Natijada yo‘llarning xizmat muddati uzayishi va ularni ta’mirlash xarajatlari kamayishi kutilmoqda.
Tadqiqotlar bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Turkiyada olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter