«Makka bitimi» Isroilga qarshi qaratilganmi yo Eronga?
7-avgust kuni islom dunyosining yuragi sanalgan Makkai mukarrama shahrida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan mudofaaga oid tarixiy bitim imzolandi.
«Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi» deb atalgan hujjatga ko‘ra, uch davlatdan biriga qilingan qurolli hujum barchaga qilingan hujum deb malakalanadi.
Mazkur hujjatning imzolanishi “tarixiy qadam” sifatida baholanmoqda.
«Makka bitimi» nafaqat jamoaviy mudofaani, balki mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish va qurolli kuchlarning o‘zaro muvofiqligini oshirishni ham nazarda tutadi.
Tomonlar mudofaa xususiyatiga ega bitim biron bir aniq mamlakatga qarshi qaratilmaganini aytayotgan bo‘lsa-da, tahlilchilar hujjat AQSh/Isroil va Eron urushi davom etayotgan, Turkiya va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotgan vaqtda imzolanganiga e’tibor qaratmoqda.
Foto: SPA
AP agentligi yozishicha, «Makka bitimi» neftga boy Saudiya Arabistoni, musulmon dunyosining yagona yadro davlati Pokiston va NATOning ikkinchi yirik armiyasiga ega Turkiya kuch-qudratini birlashtirishga xizmat qiladi.
«Musulmon olamining eng nufuzli uch davlati kuchayib borayotgan mavhumlik sharoitida bir yoqadan bosh chiqarmoqda. Bu mintaqaviy va o‘rta darajadagi qudratli davlatlarning xavfsizlik masalalarida yaqinroq muvofiqlashuvga tayyorligi oshib borayotganini ko‘rsatadi. Uch tomonlama tuzilma mazkur uch davlatning umumiy diplomatik va mudofaa salohiyatini mustahkamlashga, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasini shakllantirishga ko‘maklashishi mumkin», — deydi Saudiya Arabistonida joylashgan Gulf Research Center tadqiqot markazi rahbari Abdulaziz Sager.
«Makka bitimi» Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda shakllanib borayotgan ko‘p qutbli tartibda burilish nuqtasidir», — deb hisoblaydi Atlantika kengashi eksperti, fan doktori Rich Outsen.
O‘zbekistonlik tahlilchilar ham Riyod–Anqara–Islomobod bitimining ahamiyatini faol muhokama qilmoqda.
«Turkiyaning harbiy qudrati, Pokistonning yadroviy salohiyati va Saudiya Arabistonining moliyaviy-diniy ta’siri birlashishi prinsipial jihatdan yangi kuch blokini hosil qilmoqda. Ushbu pakt shia Eronining ta’siriga qarshi qaratilganiga shubha yo‘q. Biroq Isroil ham bu kelishuvni xavf deb qabul qilishi ehtimoldan xoli emas, chunki uning uch davlat orasida yahudiy davlatini rasman tan oladigan yagona mamlakat — Turkiya bilan munosabatlari tobora yomonlashib bormoqda. Amalda biz sunniylar NATOsi shakllanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz», — deydi Strategic Focus eksperti M.Imomov.
«Hujjat imzolangan vaqt va joy (juma kuni, Makka shahri) — ulkan ramziy ma’noga ega, ammo ushbu kelishuvning qanchalik mustahkamligi amalda ko‘rinadi. Beqaror hududda “bir davlatga hujum — barchaga hujum” tamoyilining qo‘llanishi har uchala mamlakatni boshqalarning nizolariga tortib ketishi mumkin. Yangi harbiy paktning paydo bo‘lishi qurollanish poygasini kuchaytiradi va Yaqin Sharqdagi tarixiy ziddiyatlarni yanada chuqurlashtirishi xavfini tug‘diradi», — deydi Strategic Focus guruhining boshqa bir eksperti S.Pinxasova.
Siyosiy fanlar doktori Farhod Karimovning fikricha, «Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlik shartnomasi nafaqat Isroilga, balki Eronga ham signal bo‘ldi. Ko‘rfaz davlatlarini ursa ham Saudiyani urmaysan degani bo‘ldi».
Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov esa «Makka bitimi» orqali tuzilgan ittifoq “musulmon NATOsi” deb atalayotganini qayd etgan.
Siyosatshunos Muxtor Nazirovga ko‘ra, so‘nggi hodisalar Markaziy Osiyo uchun janubiy yo‘nalishda xavfsizlikning yangi arxitekturasi shakllanayotganini ko‘rsatadi.
«Turkiya O‘rta yo‘lakning g‘arbiy qismiga chiqish imkoniyatini ta’minlaydi. Pokiston Transafg‘on temir yo‘li loyihasining yakuniy nuqtasi bo‘lib qolmoqda. Saudiya investitsiyalari esa Qozog‘iston va O‘zbekistondagi infratuzilma hamda energetika loyihalarida allaqachon ishtirok etmoqda. Shu tariqa, Markaziy Osiyoning uchta asosiy tashqi hamkori ilk bor yagona mudofaa konturini shakllantirishga kirishmoqda. Endi asosiy savol shundaki, siyosiy bayonotlar amalda ishlaydigan qo‘shma mudofaa mexanizmlariga aylanadimi yoki yo‘q?» — deya savol qo‘yadi M.Nazirov.
Eron hukumati «Makka bitimi»ga rasman munosabat bildirgani yo‘q. Ammo mamlakat parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Ibrohim Rizoiy ijtimoiy tarmoqda mudofaa kelishuvini tanqid qilgan va bu hujjat Saudiya Arabistoni xavfsizligiga xizmat qilmasligini aytgan.
Tel-Aviv ma’muriyati ham bitim borasida rasmiy bayonot berganicha yo‘q. Ammo Times of Israel nashri shu mavzudagi tahliliy maqolada Isroilning tobora tajovuzkor tus olayotgan harbiy siyosatidan uch davlat ham tashvishda ekanini urg‘ulagan.
Avval xabar berganimizdek, 2025-yil 17-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni va Pokiston mudofaaga oid strategik bitimni imzolagan, ushbu hujjatda tomonlardan biriga qarshi uyushtirilgan hujum har ikkisiga uyushtirilgan hujum deb baholanishi belgilangan edi.
Endilikda Turkiya ham qo‘shilgan mudofaa pakti aynan bir yil avvalgi bitim asosida shakllantirilgan.
Qayd etish joizki, AQSh/Isroil va Eron o‘rtasidagi urush fonida Pokiston Saudiya Arabistoniga 8 ming nafar harbiy xizmatchi hamda qiruvchi uchoqlar eskadriliyasini yuborgandi.
Ushbu ziddiyat Islomobod va Ar-Riyod o‘rtasida tuzilgan mudofaa bitimi uchun dastlabki imtihon bo‘ldi, deyish mumkin. Pokiston tomonidan bir necha ming askar va jangovar texnikaning yuborilishi Islomobod qisman bo‘lsa-da Ar-Riyodga bergan va’dasining ustidan chiqqani o‘laroq baholangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter