Buxoroda voyaga yetmagan bolani kaltaklaganlarga nisbatan «ish» ochildi
Buxoro viloyatida voyaga yetmagan bolaga zo‘ravonlik qilingani haqida ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 28-avgust kuni Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro E.R. qizi O.D. bilan ko‘rishish uchun kelgan 2009-yilda tug‘ilgan E.O.ni uning xohish-irodasiga qarshi ravishda avtomashinada qarindoshi F.F.ning uyiga olib borgan.
U yerda E.R. va boshqa shaxslar voyaga yetmagan bolani kaltaklagani aytilmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv doirasida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi natijasiga ko‘ra, bolaning tanasining turli sohalarida jarohatlar borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 7-sentyabr kuni E.R. va F.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlari hamda 105-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan jabrlanuvchining protsessual huquqlari ta’minlanishi yuzasidan nazoratni davom ettirishini ma’lum qildi.
Shuningdek, bolaning manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmatini inobatga olgan holda, jinoyat ishiga oid tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter