Daromad va soliq solinadigan boshqa ob’yektlarni yashirishga 3 yilgacha qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar qabul qilindi. Bu bo‘yicha O‘RQ–1131-son Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, foydani yoki soliq solinadigan boshqa ob’yektlarni qasddan yashirish, kamaytirib ko‘rsatish, shuningdek soliq yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Agar ushbu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ancha miqdorda sodir etilsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima, yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Ilgari mazkur jinoyat uchun BHMning 15 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari belgilangan edi.
Jinoyat protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalar tadbirkorlar huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektining jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etadigan vakil tushunchasi joriy etildi.
Endi tadbirkorlar o‘z faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ishlarida surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud jarayonlarida Savdo-sanoat palatasi yoki boshqa vakil tomonidan himoya qilinish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Soliq kodeksiga muhim o‘zgartirish kiritildi. Jumladan, sud qaror chiqarilguniga qadar tergov jarayonida qo‘shimcha hisoblangan soliq va yig‘imlar bo‘yicha penya hisoblanmaydi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter