Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

Noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

O‘zbekistonda noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Loyiha 2025-yil 18-noyabrda Prezident huzurida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda berilgan topshiriqlar hamda Prezident Administratsiyasi rahbarining 2026-yil 15-yanvardagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan.

Loyiha mualliflariga ko‘ra, so‘nggi yillarda noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar ko‘payib bormoqda.

Jumladan:

  • soxta yoki qalbaki migratsiya hujjatlaridan foydalanish;
  • fuqarolarni xorijga noqonuniy olib chiqish kanallarini tashkil etish;
  • litsenziyaga ega bo‘lmagan vositachi va agentliklar faoliyatining ko‘payishi;
  • migrantlarni ekspluatatsiya sxemalariga jalb etish holatlari qayd etilmoqda.

Amaldagi Jinoyat kodeksining 223-moddasida qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish uchun javobgarlik belgilangan. Biroq mazkur norma noqonuniy migratsiyani tashkil etuvchilar, vositachilar, moliyalashtiruvchilar va logistika bilan ta’minlovchi shaxslarni to‘liq qamrab olmaydi.

Qonun loyihasi asosnomasida bunday holatlar fuqarolarning xorijda ekspluatatsiya qilinishi, moddiy zarar ko‘rishi, noqonuniy mehnat faoliyatining kengayishi va migratsiya sohasining kriminallashuviga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.

Loyihaga muvofiq, Jinoyat kodeksini noqonuniy migratsiyani tashkil etishni alohida jinoyat sifatida belgilaydigan yangi 223¹-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Yangi modda uch qismdan iborat bo‘lib, unda qilmishning og‘irlik darajasi va kvalifikatsiya belgilariga qarab alohida javobgarlik choralari (3 yildan 15 yilgacha) nazarda tutiladi.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasiga ham o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovni ichki ishlar organlari amalga oshirishi belgilanishi mumkin.

Bu Ichki ishlar vazirligi tizimida migratsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha vakolat hamda maxsus tuzilmalar mavjudligi bilan izohlangan.

Loyiha qabul qilinsa, noqonuniy migratsiyani tashkil etuvchilar, vositachilar va boshqa ishtirokchilarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun alohida huquqiy asos yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, hujjat hozircha qonun loyihasi hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring