2026-yilgi Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi
27-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026 yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiyotimiz prognozdan ancha yuqori sur’atda – 7,6 foizga o‘sdi. Sanoat hajmi 6,8 foiz, qurilish – 14,2 foiz, xizmatlar – 14 foiz, qishloq xo‘jaligi – 4,1 foizga oshdi.
Oltin-valyuta zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 55 milliard dollarga yetdi. Nufuzli xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz iqtisodiy istiqbollarini yuqori baholamoqda. «Fitch Ratings» ilk bor mamlakatimiz suveren reytingini bir pog‘onaga oshirgan bo‘lsa, «Moody’s» va «S&P Global» o‘z kutilmasini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi.
– Eng muhimi, erishilgan natijalar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilyapti, – dedi davlat rahbari.
Aholi daromadlari 18,4 foizga, omonatlar 35,3 foizga, o‘rtacha ish haqi esa 19,2 foizga o‘sdi. So‘rovlar aholi va biznes o‘rtasida ishonch muhiti kuchayganini, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari kengayayotganini ko‘rsatmoqda.
Prezident yuqori o‘sish sur’atlarini yil yakunigacha saqlab qolib, yalpi ichki mahsulot hajmini 135 milliard dollardan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi bo‘lishini qayd etdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kelgusi yil uchun asosiy rejalar ko‘rib chiqildi.
Mutasaddilar kelgusi yilda o‘sish sur’atini 6,6 foiz darajasida ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish, inflyasiyani 7 foizdan ortiq bo‘lmagan darajada saqlab qolish prognoz qilingani yuzasidan axborot berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoit mavjudligini ta’kidlab, har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari jiddiy e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rsatib o‘tdi.
2026-yilgi budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.
Prezident ta’kidlaganidek, kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon bo‘ladi.
Bunda strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat ishtirokidagi korxonalarning dividend siyosatini tartibga solish, subsidiya va imtiyozlarning natijadorligini tahlil qilib, samarasi past bo‘lganlarini bekor qilish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tuman va shahar budjetlarining daromadlarini ko‘paytirish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, bundan buyon mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tish zarurligi qayd etildi.
Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalarida to‘plangan qoldiqning yarmini alohida jamg‘armaga o‘tkazish va ushbu mablag‘larni maktablar qurilishiga va tibbiyotga yo‘naltirish topshirildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, 2026-yilgi Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Manba: president.uz


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter