Rossiyada samolyot quladi: ekipajning barcha a’zosi halok bo‘lgan
Rossiyaning Ivanovo viloyati Furmanov tumanida Rossiya harbiy-transport samolyoti – An-22 «Antey» halokatga uchradi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida kamida yetti kishi bo‘lgan va ularning barchasi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. Bu haqda TASS va «Baza» manbalari ma’lum qildi.
Falokat Uvod suv ombori hududida sodir bo‘lgan. Qutqaruv xizmatlari fyuzelyaj qismlarini suv sathi va qirg‘oq qismlaridan topgan.
Ayrim manbalar samolyot ta’mirdan keyingi rejaviy uchishni amalga oshirayotgan paytda nosozlik yuz bergani haqida yozmoqda.
Hodisa yuzasidan hozircha rasmiy ma’lumotlar berilmadi. Tergov organlari va harbiy xizmatlar halokat sabablarini aniqlash uchun ish olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, An-22 «Antey» samolyoti dunyodagi eng katta turbovintli harbiy-transport samolyoti hisoblanadi. U og‘ir harbiy texnikalar va katta yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan. Samolyot 1960-yillarda ishlab chiqilgan bo‘lib, ilk An-22 «Antey» samolyoti 1965-yilning 27-fevralida osmonga ko‘tarilgan.
U 80 tonna yukni 5 ming km masofagacha tashishi mumkin. An-22 Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya zavodida 1976-yilga qadar ishlab chiqarilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter