Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zelenskiy AQSh muzokarachilarini tanqid qildi

Zelenskiy AQSh muzokarachilarini tanqid qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik muzokarachilar – Stiv Uitkoff va Jared Kushnerni Ukrainaga nisbatan hurmatsizlikda aybladi.

Uning aytishicha, AQSh vakillarining Moskvaga borib, Kiyevga kelmasligi noto‘g‘ri signal hisoblanadi.

«Moskvaga borib, Kiyevga kelmaslik – bu hurmatsizlik», – dedi Zelenskiy davlat televideniyesiga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, u muzokaralarning qayerda o‘tkazilishi emas, balki ularning natijasi muhim ekanini ta’kidladi. Prezidentga ko‘ra, muzokarachilar uchun Ukrainaga tashrif buyurish zarur, chunki bu ularning o‘zi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Zelenskiy Rossiya tomonidan ilgari surilgan talab – Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqishni yana bir bor rad etdi.

Uning fikricha, bunday qaror mamlakat uchun strategik mag‘lubiyatga olib kelishi mumkin. Qo‘shinlarning chiqib ketishi mudofaa chizig‘ining zaiflashishiga va armiya ruhiyatining pasayishiga sabab bo‘ladi.

Prezident, shuningdek xavfsizlik kafolatlari masalasiga ham e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, agar front chizig‘ida xalqaro ishtirok bo‘lmasa, Rossiya ma’lum vaqt o‘tgach yana hujum boshlashi mumkin.

Zelenskiyning fikricha, urushni tezroq tugatishning eng maqbul yo‘li – amaldagi front chizig‘ini «muzlatish»dir. Biroq bu ham tegishli xavfsizlik kafolatlarisiz amalga oshirilishi mumkin emas.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh bir necha oydan buyon tomonlarga bosim o‘tkazib, tinchlik muzokaralarini qayta jonlantirishga urinmoqda. Biroq so‘nggi paytlardagi geosiyosiy vaziyat sababli muzokaralar jarayoni sekinlashgan.

Shu vaqtgacha amerikalik muzokarachilar bir necha bor Moskvaga tashrif buyurgan, ammo Kiyevga kelishi hali amalga oshmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring