Rossiya «Katta yigirmatalik» sammitiga taklif etildi
Rossiya 2026-yil dekabrida AQShning Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga oliy darajada ishtirok etish uchun taklif etildi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva taklifni qabul qilish masalasini keyinroq hal qiladi.
«Oliy darajada ishtirok etish uchun taklif bor, ammo bu masalani sanasiga yaqinroq ko‘rib chiqamiz», – dedi Pankin.
Avvalroq Rossiyaning G20 dagi vakili Svetlana Lukash AQSh sammitga Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rayotganini va barcha davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilganini bildirgan edi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Moskva G20 doirasidagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Vladimir Putin oxirgi bor G20 sammitida shaxsan 2019-yil Yaponiyada ishtirok etgan. Keyingi yillarda Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (2022–2024) va prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Maksim Oreshkin (2025) boshchilik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi Putinni hibsga olish orderini chiqargan. U Ukrainadan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilinmoqda. Bu holat uning Rim statutiga a’zo davlatlarga safarlarini cheklaydi.
Shu bilan birga, AQSh mazkur sudga a’zo emas. 2025 yilda Putin AQShga tashrif buyurib, Alyaskada o‘tgan sammitda ishtirok etgan va prezident Donald Tramp bilan Ukrainadagi mojaroni muhokama qilgan.
G20 — bu xalqaro iqtisodiy hamkorlik forumi bo‘lib, unga 19 davlat, shuningdek Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi a’zo.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ham ushbu formatdan chiqarilmagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter