Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Biznes-ombudsman Toshkent shahrining «Dizayn-kodi» bo‘yicha qaroriga e’tiroz bildirdi

Biznes-ombudsman Toshkent shahrining «Dizayn-kodi» bo‘yicha qaroriga e’tiroz bildirdi

Foto: Xabar.uz

Biznes-ombudsman devoni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2026-yil 17-fevraldagi «Dizayn-kodi» to‘g‘risidagi qarorining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini o‘rganib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qaror bilan Toshkent shahrida «Dizayn-kodi» qoidalarini joriy etish chora-tadbirlari belgilangan edi.

O‘rganish natijasida ushbu hujjatning ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zidligi va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi. Shu munosabat bilan Biznes-ombudsman Kengash qarorini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli xulosa kiritdi.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonun talablariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi shart. Biroq ushbu qaror Vakil bilan kelishilmasdan qabul qilingan.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarordagi asosiy kamchiliklar:

Reklama vositalari uchun belgilangan «past to‘yingan» yoki «neytral» rang kabi tushunchalarning huquqiy mezoni ochib berilmagan.

Ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk (ro‘yxatdan o‘tgan brend) huquqlariga zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, tarmoqli brendlarning manfaatlari inobatga olinmagan.

Yangi talablarga moslashish uchun berilgan 3 oylik muddat yetarli emas. Jarayonni tadbirkorlarga ortiqcha yuklama tug‘dirmasdan, bosqichma-bosqich amalga oshirish tartibi nazarda tutilmagan.

Biznes-ombudsman tomonidan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga mazkur qarorning tadbirkorlikka oid qismlarini qayta ko‘rib chiqish, normalarga o‘zgartirish kiritish va kuchga kirish muddatini uzaytirish bo‘yicha rasmiy xulosa kiritildi.

Shuningdek, Vakil devoni ushbu jarayonni tadbirkorlar manfaatlarini inobatga olgan holda, bevosita Biznes-ombudsman xodimlari ishtirokida qayta ishlashni taklif etdi, deyiladi rasmiy munosabatda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring