Trillionlar undirildi, lekin kamchiliklar ko‘p: Korrupsiyaga qarshi kurashdagi oqsashlar tanqid qilindi
O‘zbekiston prezidenti 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qat’iy pozitsiyani e’lon qilib, 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashda «favqulodda holat» yili sifatida belgilanishini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tgan tanqidiy tahliliy yig‘ilishda komplayens nazorati tizimining bugungi holati va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

2030-yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, uning omillarini barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlar orqali tizimli korrupsiyaning oldini olish zarurligi qayd etildi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, yangi komplayens nazorati tizimi yordamida jinoyat ishlari doirasida 4,2 trln so‘m, yashirin iqtisodiyotni jilovlash hisobiga esa 8,5 trln so‘m mablag‘ undirilishi ta’minlangan. Shuningdek, 1,3 trln so‘mlik ortiqcha budjet xarajatlarining oldi olingan.
Shu bilan birga, ayrim bo‘linmalar faoliyatida hanuzgacha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmayotgani keskin tanqid qilindi va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ochiq muhokama qilindi.
Birinchidan, komplayens bo‘linmalarining asosiy vazifasi korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli preventiv choralarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘lsa-da, aksariyat davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyati talab darajasida ish tashkil etilmagan.
Shuningdek, ayrim davlat organlarida komplayens bo‘linmalari qonunchilikda belgilangan minimal mezonlar asosida tashkil etilmagan. O‘rganilgan 50 ta tashkilotning 23 tasida bu talablar bajarilmagan.
Ikkinchidan, ayrim vazirlik va hokimliklarda nazorat tadbirlari umuman o‘tkazilmagan. Ba’zi tashkilotlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda esa moliyaviy qonunbuzilishlar umuman aniqlanmagan, bu esa nazorat samaradorligiga shubha uyg‘otadi.
Uchinchidan, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha ishlar yetarlicha samara bermayapti. Xususan, joriy yilning o‘zida manfaatlar to‘qnashuvi yo‘l qo‘yganlik bo‘yicha 105 ta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan.
To‘rtinchidan, ayrim davlat organlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilmayapti.
Beshinchidan, komplayens tizimida kadr va tashkiliy muammolar saqlanib qolmoqda, ayrim lavozimlar uzoq vaqt vakant holatda qolmoqda.
Oltinchidan, davlat xaridlari sohasida korrupsiya xavfining yuqoriligi saqlanib qolmoqda. So‘nggi yillarda 800 nafardan ortiq shaxs ushbu yo‘nalishda jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy mas’uliyatini oshirish hamda tizimni natijador mexanizmga aylantirish bo‘yicha qat’iy vazifalarni belgilab berdi. Bundan buyon komplayens bo‘linmalari faoliyati korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv choralarni samarali amalga oshirish darajasiga qarab baholanadi. Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter