Bemor va donorlarni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash tartibi belgilandi
Adliya vazirligi Inson a’zolarini transplantatsiya qilish haqida retsipiyentlar va donorlarga tibbiy xulosalar berish bo‘yicha nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Mazkur Nizomda retsipiyent va donorlarni tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi.
Nizomga ko‘ra, retsipiyent va tirik donor tibbiyot muassasalarida 3 oy ichida tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi kerak.
Tibbiy tekshiruv xulosalariga ko‘ra transplantatsiya amaliyotiga ruxsat berish faqat Hukumatning 2024-yil 13-iyundagi 333-son qarorida ko‘rsatilgan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiy konsiliumi tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy konsilium retsipiyentga inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi, donorga esa transplantatsiya amaliyotiga layoqatliligi to‘g‘risida tibbiy xulosani beradi yoki berishni rad etadi.
Transplantatsiya amaliyoti insonning ko‘rish, nutq, eshitish qobiliyatining yo‘qolishi yoki ruhiyatning buzilishi, mehnat qobiliyatining 33 foizdan ortiq barqaror yo‘qolishiga sabab bo‘ladigan tarzda ziyon yetkazishiga olib kelsa retsipiyent va donorga tibbiy xulosani berish rad etiladi.
Shuningdek, mazkur Nizomda davlat tibbiyot muassasalarida retsipiyentlar va donorlarni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash va ularning amaliyotdan keyingi reabilitatsiyasi va kuzatuvda bo‘lish tartibi belgilandi.
Nizomga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 333-son qarorida ko‘rsatilgan davlat tibbiyot muassasalari retsipiyentlar va donorlarni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlashdan oldin, ularning sog‘lig‘i bo‘yicha maxsus tibbiy tayyorlov choralarini amalga oshiradi.
Retsipiyent va donordan transplantatsiya amaliyotidan oldin rozilik olinadi hamda u videoyozuvga qayd etiladi.
Retsipiyentlar va donorlar transplantatsiyasi amaliyotidan so‘ng 21 kungacha reabilitatsiyada bo‘ladi, reabilitatsiyadan keyin esa ular hududiy tibbiyot muassasalarida dispanser nazoratiga olinadi.
Retsipiyentlar dispanser nazoratida bo‘lgan vaqtda shifokorlar tomonidan bepul immunosupressiv dori vositalari bilan ta’minlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter