Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda 85 mln so‘mlik jinoyat ortidagi «sirli shaxs» oshkor bo‘ldi

Buxoroda 85 mln so‘mlik jinoyat ortidagi «sirli shaxs» oshkor bo‘ldi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyatining turli hududlaridan ichki ishlar idoralariga 2025-yilning noyabr-dekabr oylaridan boshlab, ketma-ket kelib tushgan arizalarga sabab bo‘lgan shaxs, nihoyat, qo‘lga olindi.

Barcha jabrlanuvchilarning dardi bitta: ularning bank plastik kartalaridan hech qanday ogohlantirishlarsiz, sirli ravishda pullari g‘oyib bo‘lgan.

Buxoro viloyat IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, jinoyatlar zanjiri 2025-yilning 24-noyabridan boshlangan. Dastlabki jabrlanuvchi fuqaro O.Sh.ning plastik kartasidan, qariyb, 7,5 million so‘m miqdoridagi mablag‘ noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilgan. Dekabr oyi esa bu noma’lum kiber jinoyatchi uchun yanada omadli kelgan. Buxoro tumanida yashovchi fuqaro G.H.ning plastik kartasidan Paynet ilovasi orqali 2 million so‘mdan ko‘p yechib olingan bo‘lsa, yana bir jabrlanuvchi R.X. 5,5 so‘m pulidan ayrilgan.

Noma’lum jinoyatchi bularning o‘zi bilan qanoatlanmay, 12-dekabr kuni takroran jinoyat sodir etib, fuqaro S.E.ning plastik kartasiga qonunga xilof ravishda ulanib, birdaniga 60 million so‘m mablag‘ini o‘g‘irlashga erishgan. Ketma-ketliklar davom etgan, peshko‘lik nafaqaxo‘r ayol Sh.Sh, 5,5 million so‘m, kogonlik fuqaro J.Sh. esa 7,5 million so‘m pulini yo‘qotganini bildirib, murojaat qila boshlagan.

— Ijtimoiy tarmoqlarda arzon narxlardagi uy-joy texnik anjomlarini xarid qilishga qiziqib, jabrlanuvchiga aylanib qolganimni keyin anglab yetdim. Turli havolalarga kirib ketib qolib, 20 million so‘mlik televizorni 7,5 millionga xarid qilish ishtiyoqida o‘zimga notanish bo‘lgan shaxsga shuncha pulni uning plastik karta raqamiga o‘tkazib yuboribman. Aslida, «chuv» tushgan ekanman,—deydi J.Sh.

7 nafar jabrlanuvchi salkam 85 million so‘mlik moddiy zarar ko‘rgan. Buxoro viloyati IIB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tezkor xodimlari qidiruv tadbirlarini to‘xtatishmagan. Jinoyatchi vertual olamda qanchalik izini yashirishga urinmasin, zamonaviy texnologiyalar va mutaxassislarning hushyorligi uning kirdikorlarini fosh qilgan. Va yaqinda ushbu axborot tizimlarni buzib kirish orqali seriyali o‘g‘riliklar ortida turgan shaxs aniqlangan. Bu shaxs endigina 19 yoshni qarshilagan va vaqtincha ishsiz, Buxoro shahrida yashovchi F.J. bo‘lib chiqqan.

F.J. ushbu «ish»ni yaqin tanishidan o‘rganganini, Paynet ilovasi tizimi orqali turli plastik kartalardan yirik miqdorda pul yechib olib, oson daromad topishga qiziqishi ortgani sababli shu yo‘lga kirib qolganini tan olgan. Uning aytishicha, «virtual olam orqali boshqalarning bank kartalaridan pul yechib olish jinoyatini hech kim aniqlay olmaydi» degan xato fikr o‘zida ishonch uyg‘otgan va mustaqil hayot yo‘lini yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolikdan boshlaganini bildirgan. Shuningdek, Telegram messenjeri orqali unga plastik karta ma’lumotlari va ularning kodlari yuborilganini, u esa ushbu ma’lumotlardan foydalanib, o‘zlashtirilgan mablag‘larni yechib olganini aytgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) ning tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat, garchi, virtual olam orqali sodir etilgan bo‘lsa ham jinoyatchi jazodan qochib qutila olmaydi. Shunga qaramasdan, fuqarolardan bank karta ma’lumotlarini hamda sms orqali keladigan maxfiy kodlarni hech kimga bermasliklarini, firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishdan saqlanishlarini so‘raymiz,—deydi Ulug‘bek Shukurlayev.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring