Dori reklamasida tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalangan kompaniyaga chora ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklama materiallari ustidan monitoring ishlarini davom ettirmoqda. Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga mos kelmaydigan reklama materiallari jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, «NIKA PHARM» MChJ tomonidan «Rinoksil Formula+» dori vositasi reklamasida bir qator mashhur tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanilgani aniqlangan. Reklama materiallarida buyuk sarkarda Amir Temur, davlat arbobi Jorj Vashington, olim va tabib Ibn Sino, qo‘mondon Yuliy Sezar, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hamda Napoleon Bonapart turli ko‘rinishlarda tasvirlangan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ushbu reklamada mazkur shaxslar go‘yoki dori vositasidan foydalangani haqida tasavvur uyg‘otuvchi obrazlar qo‘llangan. Bu holat keng jamoatchilik tomonidan tanqidiy baholangan.
Raqobat qo‘mitasi buyuk tarixiy shaxslar xalq xotirasi va milliy qadriyatlarning muhim qismi ekanini ta’kidladi. Ma’lumotda qayd etilishicha, ularning obrazlaridan tijorat maqsadlarida bunday shaklda foydalanish hurmatsizlik sifatida baholanishi mumkin.
Qonunchilikka ko‘ra, reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlangan.
Shu asosda hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan «NIKA PHARM» MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ish materiallari ko‘rib chiqilgandan so‘ng kompaniyaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qo‘mita qarori bilan kompaniyaga aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar ham berildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter