Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ixtirolar uchun patent olish tartibi tasdiqlandi

Ixtirolar uchun patent olish tartibi tasdiqlandi

Hukumatning 2026-yil 10-iyundagi 297-son qarori bilan «Ixtiroga patent berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Hujjat ixtirolarni huquqiy muhofaza qilish va patentlash jarayonini yagona tartib asosida amalga oshirishni nazarda tutadi.

Reglamentga muvofiq, mazkur davlat xizmati Adliya vazirligi tomonidan ko‘rsatiladi. Unda ixtiroga patent berish uchun ariza topshirish, uni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish mexanizmlari belgilangan.

Hujjatda ixtironing asosiy mezonlari ham aniqlashtirilgan. Jumladan, texnika taraqqiyoti darajasidan ma’lum bo‘lmagan yechim yangi ixtiro deb hisoblanadi. Shuningdek, undan sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda foydalanish mumkin bo‘lsa, u sanoatda qo‘llash mumkin bo‘lgan ixtiro sifatida e’tirof etiladi.

Reglamentga ko‘ra, rezidentlar patent olish uchun Davlat xizmatlari markazlari, maxsus axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin.

Norezidentlar esa davlat xizmatidan foydalanish uchun maxsus axborot tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatli organga talabnoma yuboradi.

Shu bilan birga, talabnoma bir dona ixtiroga yoki yagona ixtirochilik g‘oyasi bilan o‘zaro bog‘langan ixtirolar guruhiga nisbatan taqdim etilishi lozim.

Hujjatda patentlash jarayonini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. So‘rovnomalar, xabarnomalar, davlat ekspertizasi qarorlari hamda ixtiroga beriladigan patentlar QR-kod bilan tasdiqlanadi.

Shuningdek, ixtiro sifatida qurilma, modda, mikroorganizm shtammi, o‘simlik yoki hayvon hujayralari turlari kabi mahsulotlar tan olinishi belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring