Investitsiya maslahatchilari uchun yangi tartib joriy etildi
O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya maslahatchisi faoliyatini boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi rasman belgilandi. Bu Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yangi nizomda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, investitsiya maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga maxsus axborot tizimi orqali elektron xabarnoma yuboradi. Xabarnoma OneID tizimi yordamida rasmiylashtiriladi.
Yangi tartibda tashkilot haqidagi asosiy ma’lumotlar, rahbar va mutaxassislarning malaka sertifikatlari hamda belgilangan talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi. Shu bilan birga, qonunchilikda nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Nizomga muvofiq, taqdim etilgan ma’lumotlar axborot tizimi orqali avtomatik tarzda tekshiriladi. Agar xabarnoma belgilangan talablarga mos bo‘lsa, u shu kunning o‘zida qabul qilinib, bir ish kuni ichida elektron tasdiqnoma rasmiylashtiriladi.
Biroq noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganda, belgilangan talablar bajarilmaganda yoki qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlar mavjud bo‘lganda xabarnoma qabul qilinmaydi.
Shuningdek, investitsiya maslahatchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilot nomi yoki yuridik manzili o‘zgargan taqdirda, bu haqda vakolatli organni 10 ish kuni ichida xabardor qilishi shart.
Shu jumladan, tashkilot kamida 50 million so‘m miqdorida o‘z mablag‘lariga ega bo‘lishi, qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari bilan elektron hamkorlik qilish imkoniyatini yaratishi hamda ichki hisob va nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishi lozim.
Rahbar va mutaxassislar tegishli ma’lumot, ish tajribasi va malaka talablariga javob berishi, iqtisodiy hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlanmagan bo‘lishi kerak.
Nizomda dasturiy ta’minotdan foydalanuvchi investitsiya maslahatchilari uchun ham talab belgilangan. Ular o‘z dasturiy mahsulotiga bo‘lgan mualliflik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi shart.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter