Ko‘chmas mulk inventarizatsiyasida yangi tartib joriy etildi
Adliya vazirligi ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibiga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjatga ko‘ra, texnik inventarizatsiya ko‘chmas mulkning maydoni, tarkibi, texnik tavsiflari hamda amaldagi holatini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Uning natijalari asosida obyektning kadastr yig‘majildi shakllantiriladi.
Texnik inventarizatsiya ishlarini Davlat kadastrlari palatasi muhandislari yoki malaka shahodatnomasiga ega kadastr muhandislari amalga oshiradi. Inventarizatsiya birlamchi va qayta inventarizatsiya shakllarida tashkil etiladi.
Yangi tartibga muvofiq, texnik inventarizatsiya bir nechta bosqichda amalga oshiriladi. Ular dastlabki kameral ishlar, dala ishlari va dala ishlaridan keyingi kameral ishlardan iborat.
Dala ishlari jarayonida mutaxassislar obyekt joyiga chiqqan holda uning o‘lchamlarini oladi, konstruktiv elementlarini hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rganadi.
Olingan ma’lumotlar asosida ko‘chmas mulkning umumiy maydoni, foydali maydoni, hajmi va boshqa texnik ko‘rsatkichlari hisoblab chiqiladi. Shuningdek, obyekt rejalari elektron shaklda 1:50, 1:100, 1:150 yoki 1:200 masshtablarda tayyorlanadi.
Hujjatda mulkdorlarning huquqlari ham nazarda tutilgan. Texnik inventarizatsiya natijalariga norozi bo‘lgan shaxslar Kadastr agentligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter