Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy bog‘ yonidagi qurilishda kesilgan 2 ta daraxt o‘rniga 200 tup ko‘chat ekiladigan bo‘ldi

Milliy bog‘ yonidagi qurilishda kesilgan 2 ta daraxt o‘rniga 200 tup ko‘chat ekiladigan bo‘ldi

Toshkent shahrida Milliy bog‘ xiyoboniga tutash hududda xalqaro The Ritz-Carlton brendi ostidagi mehmonxona va turar joy majmuasi qurilishi jarayonida daraxtlar kesilgani haqidagi ma’lumotlar jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Jamoatchilik eshituvida investor vakillari qurilish hududida 10 tup daraxt ko‘chirilgani, 2 ta o‘rik daraxti esa ruxsatsiz kesilganini ma’lum qildi. Ushbu 2 tup daraxt evaziga developer kompaniya tomonidan 200ta qimmatli daraxt ko‘chatlari ekilishi ma’lum qilindi. Avvalroq hududda 12 tup daraxt ildizi bilan qo‘porib tashlangani, tabiatga 351 mln so‘mlik zarar yetkazilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Investor vakillarining ta’kidlashicha, daraxtlarni kesish va ko‘chirish ishlari kompaniya bilan shartnoma asosida ishlagan pudratchi tomonidan amalga oshirilgan. Ularning bildirishicha, pudratchi kompaniya tegishli ruxsatnomalarni olmasdan ish boshlagan.

“Biz yollagan tadbirkor 2 ta o‘rik daraxtini kesgan va buni yashirishga harakat qilgan. Biz ular bilan agar biror daraxt ko‘chirilsa yoki loyihamiz doirasida biror ish amalga oshirilsa, bu haqda qo‘riqlash xizmatiga, texnika xavfsizligi bo‘limiga va bizga oldindan xabar berishlariga kelishgan edik”, — dedi PD Estates MChJ XK ma’muriy menejeri Kamal Xudaguluyev.

Uning aytishicha, kompaniya mazkur pudratchi ustidan sudga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kesilgan daraxtlar uchun belgilangan jarimalar va yetkazilgan zarar ham pudratchi zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Ekologiya qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha tabiatga yetkazilgan zararni 351 mln so‘m deb baholagan.

Ko‘chirilgan daraxtlar qayerga olib ketilgan?

“O‘rmon Invest” kompaniyasi mutaxassislari ma’lumotiga ko‘ra, qurilish hududidan 10 tup daraxt Tuyabo‘g‘iz suv ombori atrofiga ko‘chirib o‘tqazilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, daraxtlar ko‘chirilgandan keyin ularning ko‘karishi uchun kamida 3 oy vaqt talab etiladi, to‘liq tiklanishi esa bir necha yil davom etishi mumkin. Ko‘chirilgan daraxtlarning ayrimlari noyob turlarga mansub bo‘lib, ular doimiy parvarish qilinmoqda.

Hududda yana daraxt ko‘chirish rejalashtirilgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hududda 2025 yilda 100 tup daraxt rasmiy ruxsat bilan ko‘chirilgan. Ammo 2026 yilda amalga oshirilgan ko‘chirish ishlari uchun hali rasman ruxsat berilmagan. Shu bilan birga, hududda yana 25 tup daraxtni ko‘chirish rejalashtirilgani ma’lum qilingan.

Qurilish ishlari Ozarbayjonning Pasha Holding kompaniyasiga tegishli PD Estates tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida xalqaro The Ritz-Carlton brendi ostidagi 5 yulduzli mehmonxona hamda “Baku Towers” turar joy majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Rejaga ko‘ra, balandligi 120 metrgacha bo‘lgan uchta 30 qavatli bino quriladi. Majmua tarkibiga mehmonxona xonalari, apartamentlar, turar joylar, yerosti avtoturargohlari, restoranlar, fitnes infratuzilmasi, basseyn va konferensiya maydonlari kiritilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 200 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Qurilish ishlari yakunida mehmonxona va servis sohalarida 500 ga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Ayni paytda daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan mas’ul idoralar tomonidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring