Shofirkonda 1 mln ko‘chat ekiladi: tafsilotlar
Shofirkon tumanida «Yashil makon» umummilliy loyihasi «super» darajaga ko‘tarildi. Tuman hokimligi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, «Yashil makon»ga hissa qo‘shish uchun 300 dan ortiq aholi o‘z-o‘zini safarbar etgan.
Ushbu amaliy tadbir «Mingchinor» mahallasi hududida tashkil etilgan. Davlat o‘rmon xo‘jaligi agentligining tuman bo‘limi tasarrufidagi 20 gektar maydonda 17 ming tup ko‘chat o‘tqazilgan. Shuningdek, 3,5 gektar maydon tozalanib, unda 2 ming tup nihol yerga qadalgan.
Tuman hokimi Alisher Fayzulloyevning so‘ziga ko‘ra, Shofirkonda ko‘chat o‘tqazish ishlari barcha yo‘nalishlarda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Fermer xo‘jaliklariga 165 ming, bog‘ va tokzorlar barpo etish uchun 54 ming dona ko‘chat ajratilgan. Mahallalarda 150 ming nihol o‘tqazilishi belgilangan bo‘lsa, Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi hududlarga 47 mingdan ortiq ko‘chat o‘tqazilgan. O‘rmon fondi yerlari uchun esa 274 ming dona ko‘chat ajratilgan.
Shuningdek, avtomobil yo‘llari bo‘ylari bo‘ylab 17 ming, kanal va ariqlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida, qariyb, 20 ming dona ko‘chat o‘tqazish harakatlari olib borilgan. Maktablar, bog‘chalar, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda texnikumlar hududida jami 22 ming tupga yaqin ko‘chat o‘tqazilgan. Tijorat banklari va chiqindi poligonlari hududiga esa yana 16 ming tup nihol ajratilgan. Tumanda yangi tutzorlar barpo etish bo‘yicha ham 94 ming tup ko‘chat o‘tqazish ishlari davom etmoqda.
- «Yashil makon» juda yirik rejada kechmoqda. Ishlarning sifatli tashkil etilishi uchun 10 ga yaqin maxsus texnikalar jalb etildi. E’tiborlisi, tuman hokimligi, korxona-tashkilotlar mehnat jamoalaridan tashqari, aholi ham bu yirik loyihaga o‘z-o‘zini safarbar qildi. Hatto, yirik avtomobil yo‘lidan boshqa bir viloyatga o‘tib ketayotgan qo‘shni viloyatdosh bo‘lgan yo‘lovchilar ham avtomashinasidan tushib, hasharga yelka tutib, ko‘chat o‘tqazib ketishdi. Oq fotihalar berishdi. «Yashil makon» o‘ziga xos milliy qadriyatlar bilan yanada serzavq o‘tdi,-deydi tuman hokimi Alisher Fayzulloyev.
Ko‘chat o‘tqazish loyihasi hasharga, hashar bayramga aylangan. Doshqozonda osh damlanib, madaniy hordiq ham ulashilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ayni kunlarda Davlat o‘rmon xo‘jaligi agentligining tuman bo‘limi tasarrufidagi yana 7 gektar yer maydoni yangi nihollar o‘tqazish uchun hozirlanmoqda.
- Bir dona ko‘chatning ham nobud bo‘lmasligi uchun zarur barcha texnik vositalar qo‘llanilib, ularni asrash va himoyalash maqsadida nazorat tartibi kuchaytiriladi,-dedi tuman hokimi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter