Noqonuniy baliq ovi uyushtirganlarning 4 yilga ozodligi cheklandi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi «Qoraqir» tabiiy suv havzasida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar ozodligi sud qarori bilan 4 yilga cheklandi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Marjona Shukurova ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Qoraqirda boshqarmaning «Biomeros» bo‘limi hamda prokuratura xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda ushbu tabiiy suv havzasidan noqonuniy baliq ovlayotgan shaxslar qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, S.S. va J.A. ismli fuqarolar qonun bilan ta’qiqlangan ov qurolasi, ya’ni leskali to‘rdan foydalanib, suv havzasida biologik resurslarni shafqatsiz ravishda talon-toroj qilishgan. Tekshiruvlar jarayonida ular tomonidan jami 650 dona baliq noqonuniy ovlangani aniqlanib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 265 million so‘mni tashkil etgani aniqlangan.
Tabiatga qarshi navbatdagi ushbu qonunbuzarlik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish sudda ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra, har ikki shaxsga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash hamda 2 yil muddatga ov qilish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan. Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan 265 million so‘mlik zararni undirish belgilangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday noqonuniy ov qilish holatlari suv bioxilma-xilligiga hamda butun ekotizim barqarorligiga jiddiy xavf tug‘diradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter