Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

4 oyda soliq qoidabuzarliklari haqida xabar qilganlarga 12 mlrd so‘m mukofot berildi

4 oyda soliq qoidabuzarliklari haqida xabar qilganlarga 12 mlrd so‘m mukofot berildi

Foto: Xabar.uz

2026-yilning yanvar–aprel oylarida «Soliq» mobil ilovasidagi «Soliq hamkor» tizimi orqali soliqqa oid huquqbuzarliklar yuzasidan 43 799 ta murojaat kelib tushdi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi xarid cheklari berilmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Qayd etilishicha, jami murojaatlarning 35 839 tasi yoki 81,8 foizi xarid cheki bermaslik holatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 1 494 ta murojaat to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik, 90 tasi esa karta orqali to‘lov qilinganda xarid summasini sun’iy oshirish holatlari bo‘yicha yuborilgan. Qolgan 6 376 ta murojaat boshqa turdagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Murojaatlar asosida 27 681 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida huquqbuzarlik holatlarining 99,4 foizi o‘z tasdig‘ini topgani nazorat mexanizmlarining yuqori samaradorligini ko‘rsatmoqda.

Hisobot davrida fuqarolar tomonidan yuborilgan xabarlar asosida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun 18 524 ta holat bo‘yicha mukofot to‘langan. Umumiy mukofot mablag‘i qariyb 12 milliard so‘mni tashkil etgan.

Amaldagi tartibga muvofiq, huquqbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolarga undirilgan jarima mablag‘ining 20 foizi miqdorida rag‘batlantirish puli beriladi.

Mukofotlar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilgan. Poytaxtda 3 776 ta holat bo‘yicha 2,5 milliard so‘mdan ortiq mukofot to‘langan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati, Samarqand, Farg‘ona va Buxoro viloyatlari qayd etilgan.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning barchasi ko‘rib chiqilmagan. Jumladan, 12 021 ta murojaat takroriy bo‘lgani yoki shikoyat qilingan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotgani sababli qayta ishlanmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring