Talabalar uchun poyezd va samolyot chiptalariga chegirma e’lon qilindi
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga qishki ta’til mobaynida mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlar uchun chegirmalar e’lon qildi.
Barcha mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlarining temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50 foiz chegirma (CV/VIP klass vagonlaridan va yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlaridan tashqari) 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvarga qadar amal qiladi.
Shuningdek, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi ham o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘quvchilari uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarga ekonom-klass tariflariga 50 foizgacha chegirmalar e’lon qilgan.
Chegirma davlat ta’lim muassasasida o‘qiganligini tasdiqlovchi hujjat asosida beriladi.
Aviaqatnovlarga chegirma 2025-yil 26-dekabrdan 2026-yil 11-yanvargacha amalga oshiriladigan parvozlar uchun amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishki ta’til munosabati bilan Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning doimiy yashash manzillariga yetib borishlarida qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida sayyor kassalar tashkil etilgani aytilgandi.
Mazkur sayyor kassalarda talabalar temir yo‘l hamda avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olishlari mumkin.
Sayyor kassalar quyidagi manzillarda tashkil etilgan:
- O‘zbekiston milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti binosi 1-qavati.
Manzil: Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Universitet ko‘chasi., 4-uy.
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti A-binosida.
Manzil: Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi 60-A-uy. Sobiq Toshkent moliya instituti binosi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter