Tibbiyot va ta’lim muassasalari binolarida yonuvchan materiallardan foydalanish taqiqlandi
Adliya vazirligi «Bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi» shaharsozlik normalari va qoidalariga (ShNQ) o‘zgartirishlarni hisobga oldi.
Unga ko‘ra, balandligidan kelib chiqib binolarni pardozlashda, yonuvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish bo‘yicha ayrim cheklovlar belgilandi.
Qurilish materiallari yonuvchanlik darajasiga qarab 4 ta turga bo‘linadi.
28 metrgacha bo‘lgan binolarning fasad qismida faqat yonuvchanlik darajasi past (2–4) materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
28 metrdan baland binolarda, balandligidan qat’iy nazar ta’lim va tibbiyot tashkilotlarida yonuvchan materiallardan foydalanish taqiqlanadi.
Binolarning evakuatsiya yo‘llari (zinapoya, yo‘laklar, hollar, chiqish yo‘laklari) hamda yerto‘la va yarim yerto‘lalarda devor va shiftlarni bezashda yonuvchan materiallardan foydalanish cheklanadi.
Ushbu talablar yong‘in kelib chiqishi va tez tarqalishi xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlarda fuqarolarning xavfsiz evakuatsiyasini ta’minlashga qaratilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter