Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda 2026-yilda suvga bag‘ishlangan katta tadbir o‘tkaziladi

Toshkentda 2026-yilda suvga bag‘ishlangan katta tadbir o‘tkaziladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 15-dekabr kuni suv xo‘jaligida energiya samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari yuzasidan axborot berildi.

Avvalo, eskirgan va energiya sarfi yuqori nasos agregatlarini zamonaviy, energiya tejamkorlariga almashtirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 274 ta nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, ular orqali 185 ming gektardan ortiq yer maydonlari sug‘orilmoqda. Stansiyalardagi nasos agregatlarining yarmidan ko‘pi 1979 yildan buyon ishlab chiqarilgan uskunalardan iborat, ularning energiya sarfi zamonaviy nasoslarga nisbatan 2-3 barobar yuqori.

Kegeyli tumanidagi eski agregatlardan biri zamonaviy energiya tejamkoriga almashtirilganda, elektr energiyasining sarfi ikki barobarga kamaygan.

Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpog‘istondagi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich zamonaviy energiya tejamkor agregatlarga almashtirish rejalashtirilgan. Natijada yillik 25 milliard so‘mga teng elektr energiyasi iqtisod qilinishi va loyiha sarf-xarajatlari 14 oy ichida o‘zini oqlashi ta’kidlandi.

Bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, Toshkent irrigatsiya universitetida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Hozirgi kunda universitetda 8682 nafar talaba tahsil olmoqda, 571 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda, ilmiy salohiyat darajasi 73,5 foizni tashkil etadi.

Universitet xalqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishib, “THE World University Rankings 2026” reytingida dunyo universitetlari orasida 501-o‘rinni, Markaziy Osiyo va Kavkazorti mamlakatlari bo‘yicha 2-o‘rinni, O‘zbekistonda 1-o‘rinni egalladi, “QS World University Rankings 2026” natijalariga ko‘ra esa 469-o‘ringa ko‘tarildi.

O‘tgan yilda universitet hududida 200 o‘rinli zamonaviy IT markazi barpo etildi, raqamli kutubxona va registrator ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Universitetning ta’lim yo‘nalishlari besh yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. O‘quv jarayoniga dunyoning TOP-300 taligidagi universitetlarni bitirgan yurtdoshlarimiz va xorijiy professorlar jalb qilingan.

Kelgusida iqlim o‘zgarishini tahlil qilish uchun raqamli texnologiyalarga asoslangan milliy platforma yaratish, universitet hududida kosmik kuzatuv stansiyalari barpo etish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qabul qilish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, universitetning “Suv diplomatiyasi” magistratura yo‘nalishiga xalqaro maqom berish ko‘zda tutilgan. Davlatimiz rahbari Toshkent irrigatsiya universitetini dunyoning TOP-300 talik universitetlari qatoriga kiritish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi.

Taqdimotda xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi oylarda Toshkent shahri ichimlik suvi va oqova xizmatlarini yaxshilashga bag‘ishlangan birinchi Markaziy Osiyo konferensiyasi hamda Suv kodeksining kuchga kirishiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga mezbonlik qildi.

Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida kelgusi yil mart oyida Toshkent xalqaro suv haftaligini o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish va kelgusi yilda Orolbo‘yi hududida suv tejash texnologiyalariga bag‘ishlangan xalqaro forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring