Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
Toshkent shahrida jamoat transportiga ustuvorlik berish, avtobuslar harakatini tezkor va barqaror tashkil etish maqsadida Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi.
Loyihaning mazkur bosqichi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik hududni qamrab oldi.
Qurilish jarayonida mavjud asfalt qoplamasini yangilash bilan cheklanilmadi. BRT yo‘lagida katta sig‘imli avtobuslarning muntazam harakati va doimiy yuklamasi hisobga olinib, yo‘lning ostki konstruksiyasi to‘liq qayta qurildi.
Buning uchun ayrim qismlarda 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazish ishlari bajarilib, mavjud asos olib tashlandi va yo‘l poydevori qayta shakllantirildi. Grunt namligi, tuproqning siljishi va keyinchalik cho‘kish xavfini kamaytirish maqsadida geotekstil qoplamasi yotqizildi.
Shundan so‘ng yo‘l asosi bosqichma-bosqich mustahkamlandi. Xususan, 35 santimetr qalinlikdagi qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi, M-75 markali mustahkamlovchi qatlam tashkil etildi. Keyin 9 santimetr qalinlikdagi yirik donali asfalt-beton qatlami yotqizilib, yakuniy qoplama sifatida 5 santimetr qalinlikdagi PSHMA-20 qo‘llanildi.
BRT infratuzilmasi doirasida 5 ta yangi avtobus bekati tashkil etilib, jamoat transporti uchun alohida harakat yo‘lagi shakllantirildi. BRT yo‘lagi umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali jismonan ajratildi.
1,2 kilometrlik mazkur uchastka Shahrisabz ko‘chasida BRT infratuzilmasini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida Shahrisabz ko‘chasining qariyb 3 kilometrlik qismida BRT yo‘lagini tashkil etish ko‘zda tutilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter