Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi ayrim tashkilotlarda ish kunini soat 8:00 dan boshlash taklif qilinmoqda

Toshkentdagi ayrim tashkilotlarda ish kunini soat 8:00 dan boshlash taklif qilinmoqda

Toshkent shahar hokimligi shahar va tuman hokimliklari, shahar boshqarmalari hamda ularga qarashli bo‘linmalarda ish vaqtini soat 8:00 dan 17:00 gacha belgilashni taklif qilmoqda.

Qayd etilishicha, yangi grafikda ish kunining umumiy davomiyligi o‘zgarmaydi. Xodimlar ishni bir soat ertaroq boshlaydi va shunga mos ravishda bir soat ertaroq yakunlaydi.

Hokimlikka ko‘ra, bugungi kunda ko‘plab ijtimoiy muassasalar, ayrim davlat tashkilotlari hamda korxonalarda ish kuni soat 8:00 da boshlanadi. Shu vaqtdan shaharda faol hayot boshlanib, fuqarolar davlat va shahar xizmatlariga murojaat qiladi. Shu sababli hokimlik va unga qarashli xizmatlarning ham ayni vaqtdan boshlab aholiga xizmat ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi muhimligi ta’kidlanmoqda.

Ish vaqtlarini uyg‘unlashtirish bir nechta idora ishtirokini talab qiladigan masalalarni tezroq muvofiqlashtirishga ham yordam berishi kutilmoqda.

Shuningdek, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan olib borilgan transport oqimlari tahlili va modellashtirish natijalariga ko‘ra, ish boshlanish vaqtlarini taqsimlash ertalabki tig‘iz paytlarda yo‘l tarmog‘iga tushadigan yuklamani kamaytirishi mumkin.

Yangi ish grafigi joriy etilgan taqdirda, tushlik vaqti ham shunga mos ravishda tashkil etiladi. Bu transport oqimlari va umumiy ovqatlanish obyektlariga tushadigan yuklamani kun davomida bir maromda taqsimlash imkonini berishi kutilmoqda.

Agar taklif so‘rovnoma natijalariga ko‘ra aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, Toshkent shahar hokimligi uni belgilangan tartibda kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan kelishish uchun ko‘rib chiqishga kiritadi.

So‘rovnoma natijalari 28 avgust kuni sarhisob qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring