Umradan qaytayotgan 82 nafar ziyoratchi Istanbulda qolib ketdi
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi 18-aprel kuni 82 nafar fuqaro bilan bog‘liq holatni ma’lum qildi. Ular Saudiya Arabistonidan Turkiya orqali Vatanga qaytish jarayonida murakkab vaziyatga tushib qolgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ziyoratchilar «Sabiha Gökçen» xalqaro aeroporti hududida qolib ketgan. Ular «Ihlos Travel» va «Hikmat Travel» xususiy firmalari xizmatlaridan foydalangan holda «Er-Riyod – Istanbul – Chimkent – Toshkent» yo‘nalishida safarni rejalashtirgan.
Biroq turoperatorlar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmagani oqibatida fuqarolar tranzit hududida qolib ketgan va qiyin holatga tushib qolgan.
Konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan tegishli idoralar va turfirmalar bilan muzokaralar olib borilgan. Shuningdek, firmalar mas’ul xodimlari bilan alohida suhbatlar o‘tkazilib, muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Natijada ziyoratchilar tranzit hududida bo‘lgan vaqtda oziq-ovqat, transport va boshqa zarur xizmatlar bilan ta’minlangan. Konsulxona aralashuvidan so‘ng fuqarolarni kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha xavfsiz Vatanga qaytarish ishlari to‘liq nazoratga olingan.
Rasmiylar bu kabi holatlarning oldini olish uchun turoperatorlar va fuqarolarga qator tavsiyalar berdi. Jumladan, safar oldidan aviachiptalarni to‘liq rasmiylashtirish, tranzit yo‘nalishlari haqida aniq ma’lumot berish va yo‘l davomida doimiy aloqani ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter