Yaqin Sharqdagi vaziyat: O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga 2 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha doimiy monitoring olib bormoqda.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, elchixonalar va konsullik muassasalari ijtimoiy-siyosiy hamda harbiy-siyosiy vaziyatni 24 soat davomida kuzatib bormoqda. Shuningdek, qabul qiluvchi davlatlarning tashqi ishlar idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, fuqarolik muhofazasi xizmatlari va aviatsiya ma’muriyatlari bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish maqsadida elchixonalar va konsullik muassasalari huzurida «tezkor liniya»lar, shuningdek Tashqi ishlar vazirligining Call-markazi faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqadagi O‘zbekiston fuqarolaridan 2 144 ta murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar ro‘yxatga olinib, ularni hal etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, fuqarolarga manzilli konsullik va moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Fuqarolar asosan quyidagi masalalar bo‘yicha murojaat qilmoqda:
- evakuatsiya masalasi
- aviareyslarning bekor qilinishi yoki boshqa sanaga ko‘chirilishi
- vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash
- mamlakatda qolish muddati uzayishi bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklar.
Ma’lum qilinishicha, Dubay, Sharja va Doha aeroportlarida “Vatandosh” jamg‘armasi orqali bir guruh fuqarolarga moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.
Fuqarolar rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ehtiyot choralari, aviareyslar holati va harakatlar tartibi haqida muntazam ravishda xabardor qilib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, Yaqin Sharqdagi fuqarolarni Vatanga qaytarish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan:
- Saudiya Arabistonidan fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda;
- Birlashgan Arab Amirliklaridan «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi repatriatsiya reyslarini tashkil etish ustida ishlamoqda;
- aviakompaniyalar bilan charter reyslar bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda;
- mintaqadagi aviatsiya regulyatorlari bilan muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, ayrim davlatlarda havo hududining yopilishi va «havo hujumi» rejimi joriy etilgani sabab evakuatsiya imkoniyatlari cheklangan. Shunga qaramasdan, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlar uzluksiz davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter