Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bechora»lik — yangi chorami?

«Bechora»lik — yangi chorami?

Foto: ChatGPT

«Biz shu qadar “bechoramiz”ki, hatto pishloqning mog‘orlaganini yeb, vinoning eskisini ichishga majburmiz. Mashinamizning esa tomi ham yo‘q... Qishda issiq kiyim topolmaganimizdan “issiq o‘lkalar”ga qochib qolamiz». Komik aktyor Lesli Nilsenning bu mashhur satirasi shunchaki sho‘xlik emas, balki bugungi ayrim “kambag‘al” san’atkorlarimizning ahvoliga chizgidek go‘yo. Ayniqsa, “soliq” so‘zini eshitib, dod-faryod qilayotgan “yulduzlar”ning holatiga bu kinoya juda mos tushadi.

Bunday “chiqishlar”da ayrim “bechoralar” kredit og‘irligidan nolisa, boshqalari davlat tadbirlarida bepul xizmat qilishini minnat bilan pesh qiladi. Vaholanki, viloyatlarda qo‘y so‘yib kutib olinadigan, yuksak hurmat-ehtirom bilan qarshilanadigan bayram va marosimlarda ishtirok etish ular uchun go‘yo “og‘ir majburiyat” emish. Aslida esa, xalqning ardog‘ida bo‘lish va yurt xizmatida turish — har bir ijodkor uchun sharaf bo‘lishi kerak emasmi?

Keling, tarixga nazar tashlaylik. Haqiqiy san’atkorlar qanday bo‘lgan? Masalan, Lutfixonim Sarimsoqova front olovi ichida, bombalar yomg‘iri ostida konsert bergan. U xalq qalbiga umid ulashgan bo‘lsa-da, “Xalq artisti” unvonini urush tugaganidan 12 yil o‘tib olgan. Tamaraxonim esa Katta Farg‘ona kanali qurilishida nafaqat sahnada, balki mehnat maydonida ham yelkadosh bo‘lgan. Keyinchalik front bo‘ylab bergan konsertlaridan tushgan mablag‘larni armiya fondiga o‘tkazib, g‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan. Ular minnat qilmagan, hisob-kitob bilan yashamagan. Ular Vatan, xalq va burch tushunchalarini qalb amri bilan his qilganlar.

Shu bois, bugun “bechoralik” niqobi ortiga yashirinib, soliqdan qochishga urinish — nafaqat kulgili, balki achinarlidir. Zero, haqiqiy san’atkor nafaqat sahnadagi mahorati, balki jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan ham ulug‘dir.

Bir qarang: kun bo‘yi ter to‘kib, million so‘mga ham yetmaydigan maosh oluvchi farrosh, qorovul yoki temir bilan tillashib halol rizq topayotgan chilangar... Ular oylikdan-oylikka zo‘rg‘a yetsa-da, davlat oldidagi majburiyatini — soliqlarini vaqtida to‘laydi.

Endi “bechora” san’atkorlarga boqing: baland sahnalar, yorug‘ projektorlar, tinimsiz olqishlar va millionlab gonorarlar... Bir kechada oddiy mehnatkash bir yilda topolmaydigan mablag‘ni ishlab topayotganlar nega soliq to‘lamasligi kerak? Nega mashhurlik ayrimlar uchun imtiyozga, soliq esa “jazo”ga aylanib qoldi?

Bugun kambag‘allikka qarshi kurash — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Joylarda rahbarlar va tadbirkorlar ehtiyojmand oilalarni farovon hayotga qaytarish uchun bor kuch-imkoniyatini safarbar etmoqda. Nazarimda, “bechora” san’atkorlar masalasida ham yangicha, adolatli va prinsipial yondashuv vaqti keldi.

Endilikda har bir qo‘shiqchidan faqat daromadiga yarasha soliq olish bilan cheklanmay, ularni muhtoj oilalarga biriktirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu nafaqat moddiy ko‘mak, balki yulduzlarimizda jamiyat oldidagi mas’uliyatni his etish va vijdon bilan yashash madaniyatini shakllantiradi. Shoyad, shunda ular uchun “Vatan” va “xalq” so‘zlari shunchaki balandparvoz jumla emas, balki yurakdan his qilinadigan muqaddas burchga aylansa.

Shu bilan birga, xorijda biznes yuritayotgan ayrim “erkatoy” san’atkorlarga o‘z yurtida ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi aniq va majburiy ijtimoiy vazifalar yuklanishi shart. Zero, ona yurtda topgan obro‘ va imkoniyat, avvalo, shu yurtning ravnaqiga xizmat qilishi lozim. Ana shundagina adolat ham, insof ham, vijdon ham o‘z o‘rnini topadi. Chunki haqiqiy ulug‘lik faqat sahnadagi chiqishlarda emas, balki xalq oldidagi burchni sidqidildan ado etishda namoyon bo‘ladi

“San’atkor — jamiyat ko‘zgusi”, deymiz. Demak, o‘sha ko‘zguda faqat bezakli obraz emas, balki haqiqiy insoniylik, mas’uliyat va adolat ham aks etishi shart.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring