O‘zbekistonda xususiy teatrlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
O‘zbekistonda teatr sohasida xususiy sektorni rivojlantirish va ijodiy raqobat muhitini kuchaytirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, xususiy teatrlar va teatr-studiyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali sohada sog‘lom ijodiy muhit shakllantirish mumkin. Shu munosabat bilan 1 sentyabrdan boshlab xususiy teatrlarga keng imkoniyat va imtiyozlar beriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, xususiy teatr va teatr-studiyalari har yili 50 tagacha sahna asarini yaratish xarajatlari uchun davlat ko‘magi oladi. Shuningdek, davlatga qarashli madaniyat obyektlari ularga bepul foydalanish uchun ajratiladi.
Agar xususiy teatrlar faoliyati uchun binolarni ijaraga olsa, har oy 20 million so‘mgacha ijara xarajatlari budjetdan qoplab beriladi.
Teatrlar uchun yana bir muhim yangilik – spektakl chiptalariga qo‘shimcha davlat gonorari joriy etilishi bo‘ldi. Endi davlat va xususiy teatrlar sotilgan har bir bilet uchun budjetdan qo‘shimcha 10 ming so‘m oladi. Masalan, agar teatr mingta chipta sotsa, unga qo‘shimcha 10 million so‘m ajratiladi.
Hududlarda gastrol namoyishlari o‘tkazilganda esa bu miqdor ikki baravar oshirilib, har bir chipta uchun 20 ming so‘mdan to‘lanadi.
Uchrashuvda davlat teatrlarini modernizatsiya qilish ishlari ham muhokama qilindi. Xususan, Milliy qo‘g‘irchoq teatri, Mukimiy nomidagi akademik teatr va Yoshlar teatrini zamonaviy qiyofaga olib kirish ishlari boshlangani aytildi.
Shu bilan birga, o‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatriga moliyaviy va tashkiliy mustaqillik berish tajribasi ijobiy samara bergani qayd etildi. Endi bu amaliyot Mukimiy, Berdaq va Milliy qo‘g‘irchoq teatrlarida ham joriy etiladi.
Mutaxassislar fikricha, xususiy teatrlarning qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatda zamonaviy teatr bozorini shakllantirish, yangi ijodiy jamoalar paydo bo‘lishi va tomoshabinlar uchun raqobatbardosh madaniy muhit yaratishga xizmat qilishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter