Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Quyosh, oy va yulduzlar soyasida barpo etilgan Buxoro

Quyosh, oy va yulduzlar soyasida barpo etilgan Buxoro

Buxoro vohasida bugungi kunda 829 ta madaniy meros ob’yektlari saqlanib qolingan. Ular orasida ilk o‘rta asrlarga taalluqlilari ham bor. Aksariyati so‘nggi o‘rta asrlarga mansub. Buxoro davlat Universiteti mustaqil tadqiqotchisi, Fizika kafedrasi katta o‘qituvchisi Zilola To‘qsanovaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu obidalarning necha yuz yillardan buyon bus-butun holda yetib kelishining muhim sabablari boy me’morchilik tajribasi, qurilish materiallarining mustahkamligiga bog‘liq. Shuningdek, ajdodlarimizning aniq fanlar, fizika, matematika, astronomiya fanlarini yaxshi o‘zlashtirgani ham muhim turtki bo‘lgan.

Mustaqil tadqiqotchi Buxoro arxitektura yodgorliklarining boqiy yashab kelayotganini ularning osmon jismlari bilan bog‘liq holda barpo etilganiga ham bog‘laydi.

«Shaharning eng qo‘hna imoratlaridan Arkning bunyod etilishi muarrix Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida bayon etilgan. Xususan, buxorxudot Bidun olimlarni yig‘ib, maslahatini olgandan so‘ng, katta Ayiq, osmondagi yetti qaroqchi yulduzlari shaklida, yettita tosh ustunda ustiga Arkni qayta quradi. XII asrda Qoraxoniylar sulolasidan Buxoro podshohi Arslonxon kelgusi avlodlarga saltanatidan mangu bir nishona qoldirish niyatida ajib bir inshoot bunyod etishga jazm etadi. Bu xayrli ishga barcha munajjim, me’mor va ustazodalarni jalb etib, ulardan imorat loyihalarini bir oy muhlat ichida topshirini buyuradi. Muddat tugagach, me’mor va muhandislar turli shakldagi masjid, madrasa, xonaqolarning loyiha chizmalarini hukmdorga taqdim etishadi. Lekin, unga birortasi ham ma’qul bo‘lmaydi. Faqatgina minora qurilishi loyihasi ma’qullangan. Ayni bunday baland inshootning boqiy turishini falakiyotshunos olimlar isbotlab berishgan. Me’morchilikda yashiringan bu astronomik belgilar ajdodlarimizning biz o‘ylagandan ham ziyoda bilimga ega ekanini isbotlaydi»,-deydi Zilola To‘qsanova.

Buxorodagi, deyarli, barcha obida va qadim inshootlar geometrik, astronomik va hatto, matematik jihatdan ham sinchkovlik bilan barpo etilgani ma’lum https://xabar.uz/xj59

 Tarixga ko‘ra, XV asrda temuriyzoda Mirzo Ulug‘bek mamlakat hududida qurdirgan madrasalaridan birinchisi 1417 yilda Buxoroda qad rostlagan. Madrasa arxitekturasi va uning bezatilishi diqqatga sazovor. Chunki, binoning devorlari, ayvon va boshqa kismlari buyuk astronom-olim Ulug‘bekning chizmalari asosida koinotning sirli koshinlari bilan bezatilgan.

 «Madrasa astral xarakterga ega bo‘lgan ornament (naqshlar) bilan bezatilgan bo‘lib, ular Ulug‘bekning astronom sifatida dunyoqarashini ifodalaydi. Birinchi qarashdayoq, madrasa o‘zining ajoyib garmoniyasi bilan kishini mahliyo qiladi. Keyinroq Markaziy Osiyoda madrasalar ana shu nusxada qurila boshlangani ham tahsinga loyiq. Bundan tashqari, madrasada diniy fanlar bilan birga, dunyoviy fanlar, xususan, falakiyot ilmi o‘qitilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Buxoro shahridagi Kalon masjidining bugungi kunga qadar yetib kelishidagi sinoatlardan biri uning Quyosh burjiga qarab qurilganligidir. Koinot jismlari bilan hamohangligi uning bardavomligini ta’minlaganligiga, shubha yo‘q. Kalon masjidi Xonai Ka’baning asl, oldingi shakliga monanddir. Balki, shuning uchun hamdir Alloh nazari tushgan zamin Kalon masjidining umri boqiy va bardavomdir»,-deydi mstaqil tadqiqotchi.

Suhbatdoshning aytishicha, XVI asr yodgorligi sanalgan Xo‘ja Zayniddin masjid xonaqosining ham balandligi 7 metrli ayvon shifti va tekis tomini 8 ta bezakli yog‘och ustunlar ko‘tarib turadi. Ustunlarning bari marmar tagkursilarga mustahkamlangan. Shift toqili, yulduzsimon 7 hovuzaklarga bo‘linib, handasiy naqshlar bilan jozibador bezatilgan. Sharqiy tomondagi markaziy qismiga yulduzsimon hovzak ishlanib, muqarnasilar bilan jilolantirilgan. Yulduzsimon shakldagi hovzakning o‘n ikki burchagidan yirikroq yog‘och taxtachalardan bo‘rttirib ishlangan geometrik naqshlar tarqalgan. Hovzak yulduzsimon muqarnaslar yordamida bezalgan karniz bilan yakunlanib, yonlaridagi, nisbatan soddaroq bezalgan hovzakchalar bilan uyg‘unlashgan. Shimol tomondagi ayvon shiftining markazida esa o‘n qirrali yulduzsimon shakldagi hovzak joylashgan bo‘lib, yonlari sharafalar bilan bezalgan.

«Ayvonning burchak qismi ham serhasham bezalib, yulduzsimon muqarnaslar bilan to‘ldirilgan ikkita olti qirrali hovzakdan iborat. Ayvonning devorlariga ganch ishlatilgan bo‘lib, oq rangli devor va ayvonning qoshinkorligi ustalarning yuksak mahoratidan darak. Bizgacha yetib kelgan ayvonning xarili shift va tomi XVI asrga xos bo‘lgan yog‘och xarilar va tekis tomlar konstruksiyasining ajoyib namunasidir. Sharqiy tomondagi ikkita asosiy ustun yuzaroq o‘yma geometrik naqsh bilan bezalib, yuqori qismi madohil naqshli qosh bilan yakunlangan. Masjidning salobati va hashamdorligining toji sanalgan gumbaz go‘zalligi esa har qanday odamni sehrlab qo‘shishi, shubhasiz. Gumbazning pastki uchidagi aylana lenta bo‘ylab bitilgan eski yozuv va muqaddas bitiklar bejirim xattotlik ko‘rinishida. Xona gumbazi murakkab qalqonsimon bag‘allar asosiga tayangan. Gumbaz ichi 32 ga bo‘linib, ular hallangan mayda gullar bilan bezatilgan, gumbazning quyi qismi esa muqarnaslar qatori bilan hoshiyalangan. Gumbaz, taxmonlar, mehrob va g‘arbiy devordagi yozuvlar qatori kundal usulida bajarilgan. Gumbaz quyi atrofida ko‘kimtir naqshlar bo‘lsa-da, markazida uchiga intilayotgan o‘simliksimon naqshlar va gulbarglar guldastasi aks etgan. Chinni-oltin kosani eslatuvchi gumbazga diqqat bilan razm solarkansiz, bulutlar orasidan nur sochib, charaqlayotgan quyosh ko‘zga tashlanadi»,-deydi Zilola To‘qsanova.

Buxoroning so‘nggi sulolasi - mang‘it amirlarining yozgi saroyining Sitorai Moxi Xossa, deb atalishi ham bejizga emas. Ya’ni, «Oymanand yulduzlar saroyi», «Shohning ko‘nglidagi yulduz» ma’nolarini ifodalaydi. Saroy xonalarining yog‘och, ganch, oynavand bezaklarida oy, yulduz tasvirlari ko‘p uchraydi.

Mustaqil tadqiqotchi o‘z suhbatida 1914-1915 yillarda barpo etilgan Amir Olimxon madrasasining ham puxta bilim asosida barpo etilganini bildirib, uning ham astronomik shakllarga boyligini ta’kidlaydi.

Suhbatdosh Amir Olimxon madrasaning zukko olimu fuzalolarini yig‘ib, ushbu maskanni akademiyaga aylantirish lozimligini bildirganini ta’kidlaydi. O‘sha davrda ham bu yirik ilmiy muassasaning ayni shaharning bosh markazi, Minorai Kalon yonidan tanlangani ham bejizga emas, albatta.

«Balkim, o‘shanda Amir Olimxon ilmu nujum-falakiyot ilmini minora orqali tadqiq etishni ham niyat qilgandir. Buxoro tarixiy obidalarida astronomik belgilar va osmon jismlari tasvirining aks etishi ajdodlarimizning falakiyot ilmini puxta egallagani, mohir munajjimlar bo‘lib yetishganidan darak. Mazkur omil sababidan ham yodgorliklar asrlar osha boqiy yashayveradi»,-deydi Zilola To‘qsanova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring