Bandlik masalasida kamchilikka yo‘l qo‘ygan 20 ta hokimlikka chora ko‘riladi
Ayni paytda Prezident rasiligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta – Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirildi.
Qayd etilishicha, mahallalarga yaxshi loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun bankirlar biriktirilgan.
Lekin, ayrim tuman bankirlari davlatning arzon resursini samarasiz loyihalarga berib yuborayotgani tanqid qilindi.
Mutasaddilarga mahallalarga tushib, loyihalar samaradorligini o‘rganish, sohada nazorat va intizomni kuchaytirish topshirildi.
Umuman, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik rejalarini bajarishdagi mas’uliyatsizlik uchun yil boshidan 261 nafar mas’ul ishdan olingani, yana 492 nafariga intizomiy jazo berilgani ma’lum qilindi.
«Ehtiyojmand oilalarning eng og‘ir qatlami qoldi. Bunday 400 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish uchun viloyat, tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari, bandlik, bank rahbarlari, «mahalla yettiligi» o‘zini dunyoqarashi va ish uslubini o‘zgartirishi kerak», – dedi davlatimiz rahbari.
Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi qayd etildi.
Keyingi yilda iqtisodiyotga 450 trillion so‘m kredit ajratilishi, 140 trillion so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter