Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barak Obama Isroilni ogohlantirdi

Barak Obama Isroilni ogohlantirdi

Tashrif doirasida Obamaga Belfast universiteti faxriy doktori darajasi berildi.

Foto: AP

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Isroilni falastinliklar yerlarini tortib olishda aybladi. The Jerusalem Post nashri xabar berishicha, Obama bu haqda Shimoliy Irlandiya poytaxti Belfastdagi chiqishida gapirgan.

2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS harakati hujumiga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektoriga bostirib kirib o‘n minglab tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘lgani ma’lum.

Barak Obamaning fikricha, 7-oktyabr hodisasidan keyin Isroilga nisbatan dunyo miqyosida salbiy munosabatning kuchayishi Falastin bilan ziddiyatni chin ma’noda hal etish lozimligidan dalolat beradi.

Obama yahudiy xalqi asrlar mobaynida ta’qib-tazyiqqa uchraganini yodga olgan. Ayni choqda, u Isroil davlatining tashkil etilishi ortidan Falastin xalqi yerlari tortib olinganini qayd etgan. Shunga ko‘ra, vaziyatni adolatsiz deb baholab, yerlarini qaytarib olish uchun kurashayotgan falastinliklarning xatti-harakatini tushunmoq kerak.  

Ma’lumki, Isroil so‘nggi uch yil ichida Yaqin Sharqda nafaqat Falastin, balki Suriya, Livan, Eron, Yaman, Qatar kabi davlatlarga ham hujum uyushtirdi.

Barak Obama Isroil harbiy, texnik ustunlikdan foydalanib keskin qadamlar tashlayotgan bo‘lsa-da, axloqiy jabhada ustunlikni boy berayotganidan ogohlantirgan.

«Agar Isroil “bugun biz mintaqada eng kuchli va texnologik jihatdan rivojlanganmiz, xavfsizligimiz uchun barcha kerakli choralarni ko‘ramiz, istagan narsamizni tortib olamiz, hech qanday yon berishga bormaymiz” degan pozitsiyani egallagan ekan, bu yaqin istiqbolda o‘zini oqlashi mumkin. Ammo bunday pozitsiyani egallash bilan siz axloqiy ustunlikni boy berasiz», — deb ta’kidlagan AQSh sobiq rahbari.

Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil ma’muriyati mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2024-yil 18-iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967-yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti 2025-yil 23-iyul kuni G‘arbiy Sohilni o‘z hududiga qo‘shib olish haqida qaror qabul qilgandi. Bu qaror ham xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

Barak Obama bunday keskin pozitsiyani egallagan Isroil hukumati kelajakda yahudiylar mintaqada tinch-omon yashash haqida ham qayg‘urishi kerakligini eslatgan.  

«Yetti million falastinlik hech qayerga g‘oyib bo‘lmaydi», — degan u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring