Bayroq yoki yalov: ularning tarixiy mohiyati nimada?
18noyabr – O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Ma’lumki, har bir davlatning borligi, yaxlitligi, tarixiy an’analarga sodiqligini bildiruvchi milliy ramzlari bo‘ladi. Tavl, yalov, tamg‘a kabi ramziy belgilar xalqni birlashtirish, yagona mafkuraga targ‘ib etish, vatanparvarlik hissini oshirish, g‘urur va iftixorni shakllantirishda muhim o‘rin tutgan. Shulardan bayroq qadimdan ma’lum bir xududda mavjud bo‘lgan davlatning kuchi va qudrati timsoli bo‘lib xizmat qilgan.
Qadimgi turk-mo‘g‘ul an’analarida bayroq
Ilk o‘rta asrlarda turk - mo‘g‘ul qo‘shinlarini g‘oyaviy jihatdan bayroq birlashtirib, boshqarib kelgan. Bayroqlar unga yuklatilgan vazifasiga ko‘ra, ikki xil ko‘rinishda bo‘lgan: hukmdor bayrog‘i va jangovor bayroq. Bundan tashqari, maxsus rangli bayroqlar jang jarayonlarini harakatga keltirib, zaruriy holatlarda jang yo‘nalishini o‘zgartirib turgan.
Yalov ‒ bayroqning ko‘rinishiga juda o‘xshash, jangovor bayroq singari biror narsaga tiqilib qo‘yilmagan. Uni qo‘lda tutuvchi yog‘ochining sopi bayroqnikidan ancha kalta bo‘lib, yog‘ochning matoga o‘ralgan qismi yuqorisida shokilasi osilib turadi. Aksar hollarda yalov hukmdor yonida olib yurilgan. Yalovdor mansabi saroy mansabi egalaridan biri bo‘lib, xon yoki sultonga yaqin masofada harakatda bo‘lgan. Hukmdorning barcha tadbirlarida jumladan: qabul marosimida, mehmonnavozlikda, ov va jang harakatlarida yalov uning yonida ko‘rinib turgan.
Bayroq nomi manbaalarda tug‘, alam, baydak, bayrak shaklida uchraydi.
Bayroq davlat ramzi sifatida e’zozlangan va qattiq qo‘riqlangan. Chunki bayroq jang maydonida ham muhim rol o‘ynagan. Jang maydonida tug‘ bayroqlarning ahamiyati katta bo‘lib, u qo‘shinning o‘z sarkardalari joylashuvi, marralar egallaganligi (yoki aksincha), o‘z safdoshlarini ajrata olish va chekinish alomatlarini anglab olishiga yordamlashgan. Bundan tashqari, tug‘ning ko‘tarilishi hamda askarlar boshi uzra ildamlab borishi qo‘shinning ruhini ko‘targan va vatanparvarlikni hissini kuchaytirgan. Qang‘ davlati davrida harbiy qo‘shinda dastlab ikki guruhda bayroq xarakatlangan bo‘lsa, Qoraxoniylar davriga kelib 9 ta guruh bayrog‘i jang maydonida g‘alaba sari intilgan. Amir Temur davrida esa xuddi shahmat donalari singani o‘n ikki bo‘linmada o‘n ikki xil rangda joylashtirilgan. Ularni turli rangdagi bayroqlari, qurol-yarog‘, kiyim-kechagi ham turlicha bo‘lgan.
Najmiddin Kubro – bayroq uchun jon fido qilgan qahramon
Bayroq millat ori, nomusi, g‘ururining ham timsoli bo‘lganligiga tarixda juda ko‘plab misollar mavjud. Milliy davlatchiligimizning hamma davrlarida bayroq Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Xususan, Amir Temur saltanatida davlat ramzlariga alohida e’tibor berilgan. Sohibqiron jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham u Vatani bayrog‘ini baland tutsin, deb farmon bergan. Chunki jangu jadallarda bayroqning qulashi yoki dushman qo‘liga o‘tishi mag‘lubiyat belgisi, deb qabul qilingan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi. “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim”, deya o‘z yurti uchun kurashgan Najmiddin Kubro mo‘g‘ullarga qarshi jangda Vatanining bayrog‘ini qattiq himoya qilgan va uni tutib jon bergan. Ta’kidlash joizki, mo‘g‘ullar Xorazmshohlar poytaxti Urganchni olishda qattiq qarshilikka duch kelgan. Mo‘g‘ul askarlari hali biron joyda bunchalik ko‘p qirg‘in qilinmagan edi. Dahshatli qirg‘inbarot Gurganch fojiasi yetti oy davom etadi. Son jihatdan ustun bo‘lgan dushman mashaqqatlar va hisobsiz qurbonlar evaziga g‘alabaga erishadi. Qo‘lida qurol ushlashga majoli qolmagan gurganchliklar ilojsizlikdan taslim bo‘ladi. Jarohatlangan Shayx Najmiddin Kubro o‘limi oldidan tug‘ tutgan mo‘g‘ul sarboziga tashlanib, bayroq ushlab jon taslim qilgan. Oxiri qo‘lini qirqib bayroqni olganlar.
Bugun ramzlar har bir mustaqil davlatning huquqiy maqomini, dunyoda borligi ko‘rsatib turuvchi muhim vosita sanaladi. Timsoliy ramzlar haqida gapirganda avvalo, ramzlar ma’no mazmuniga to‘xtalib o‘tish joiz. Ramzlar bu - shartli belgilar bulib, ular qadim zamonlardayoq turli xalqlarda u yoki bu xodisa, olam, mavjudot, odamlar tasvirini ifodalagan. Ramzlar bevosita xalq, millat xayoti, an’analari, ruxiyati, xalq og‘zaki ijodi (folklori), tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. Davlat ramzlari mustaqil davlatning muxim tashqi belgilarini o‘zida mujassamlantiradi. Davlat ramzlarida xalqning azaliy orzusi, ezgu niyatlari, buguni aks etgan bo‘ladi.
Bayroq – milliy or-nomus timsoli
Milliy ramz, deganda xar bir mamlakatning milliy tarixi, madaniyati, an’analari, qadriyatlari, mamlakat axolisining xurmat va e’tiqod xislari bilan bog‘liq bo‘lgan, uning orzu-intilishlarini ifodalaydigan, mamlakat ichkarisida umumtushunarli bo‘lgan va qo‘shimcha talqinni talab qilmaydigan, lekin mamlakat tashqarisida qisman tushunarli yoki umuman tushunarsiz tasvirlar, ranglar, belgilar va tushunchalarni anglash darkor.
Davlat ramzlari davlat suverenitetining, ya’ni oliy siyosiy irodaning shartli belgilarini tashkil qilar ekan, ular ma’lum bir xududda oliy iroda egasi bo‘lgan xalq bilan birga ta’sis etiladi.
Ana shunday qadimiy an’analar, tarixiy tafakkur va demokratik tamoyillarni o‘zida mujassamlashtirgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining qabul qilingani 33 yil to‘ldi. 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari VII sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan edi. Respublikamiz bayrog‘i mamlakatimiz hududida ilgari mavjud bo‘lgan g‘oyat qudratli saltanatlar bayrog‘iga xos bo‘lgan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan hamda yurtimizning bugungi tabiatiga muvofiq keladigan xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy sohalardagi o‘zligini ham aks ettiradi. Milliy davlatchiligimizning hamma davrlarida bayroq Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan.
Buyuk kelajagamizning timsoli bo‘lgan bayrog‘imizning har bir rangi chuqur falsafiy ma’noga ega. Bayroqdagi havo rang – tinchlik va poklik timsolidir. Shuningdek, tiriklik mazmuni aks etgan osmon va obihayot ramzi hamdi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi. Oq rang yosh mustaqil davlatimiz oshib o‘tishi lozim bo‘lgan yo‘lning yorqin va charog‘on bo‘lishi uchun ezgu niyat timsoli sifatida qo‘yilgan. Qizil rangdagi yo‘l chiziqlar esa – har bir tirik jon, qon tomirida jo‘shib turgan hayotiy kuchning, barhayotlikning ramzidir. Yashil rang esa – tabiat timsoli, hosildorlik timsoli. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Bayroqdagi yarim oy – o‘zbek xalqining ko‘p asrlik an’analariga muvofiq keladi. 12 raqami – qadimdan xaqlarimiz orasida mukammallik timsoli bo‘lib kelgan. Bizning O‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlatimiz bayrog‘i xalqaro maydonda yurt qudrati salohiyati, xalqimiz g‘urur va iftixori sifatida xizmat qilmoqda. Xususan bayrog‘imizning BMT Bosh qarorgohida hilpirrab turishi, mamlakatimiz prezidentining davlat tashrifi bilan chet mamlakatlarga borganida o‘sha davlat ko‘chalarida O‘zbekiston bayrog‘ining osilishi, sportchilarimizning jahon arenalarida bayrog‘imizni baland ko‘tarishi har bir o‘zbek fuqarosi uchun yuksak sharafdir. Bundan tashqari vatanimiz himoyasi uchun qasamyod qilayotgan o‘g‘lonlar shu bayroq oldida tiz cho‘kib, uni ko‘zlariga surtishadi.
Davlatimiz bayrog‘i asrlar osha ulug‘ o‘tmish, bunyodkorlik va yaratuvchanlikka yo‘g‘rilgan bugungi kunimiz hamda buyuk kelajagimizdan darak berib, har bir yurtdoshimizga fahr, iftixor tuyg‘ularini bag‘sh etaveradi.
Shavkat Bobojonov,
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros
ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter