Belgiya Britaniyadan Isroilga yuborilgan harbiy yukni musodara qildi
Belgiya Britaniyadan Isroilga yuborilayotgan harbiy jihozlar partiyasini musodara qildi. Shu bilan birga, mamlakat Isroilga harbiy yuk tashuvchi samolyotlarning o‘z hududiga qo‘nishini va havo hududidan foydalanishini taqiqladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yuklar 23-mart kuni Britaniyadan jo‘natilgan va 24-mart kuni Belgiyaning Lej aeroportida to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida yuk tarkibida harbiy samolyotlar uchun «otishni boshqarish tizimlari» va ehtiyot qismlar borligi aniqlangan.
Mutaxassislar ushbu yuklar to‘g‘ri deklaratsiya qilinmaganini ta’kidlamoqda. Shu sabab Belgiya hukumati tomonidan jinoiy tergov boshlangan.
Janubiy Belgiya hukumati yuk bilan bog‘liq kompaniyalardan biri sifatida AQShning Moog aviatsiya korporatsiyasini tilga olgan. Ushbu kompaniya Isroil uchuvchilarini tayyorlashda qo‘llanadigan M-346 samolyotlari uchun qismlar ishlab chiqaradi.
Manbalarga ko‘ra, bunday yuklar avval ham Britaniyadan Belgiya orqali Isroilga yuborilgan. Jumladan, kamida 17 ta shunday partiya qayd etilgan.
Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, yuklar «harbiy emas, aviatsiya jihozlari» sifatida rasmiylashtirilgan. Bu esa litsenziya talablarini chetlab o‘tishga urinish bo‘lishi mumkin.
Belgiya rasmiylari ta’kidlashicha, bunday yuklar uchun maxsus tranzit ruxsatnomasi talab etiladi. Agar bunday ruxsatnoma so‘ralganida ham, u rad etilar edi.
Ma’lumot uchun, 2024-yil sentyabrida Britaniya hukumati Isroilga beriladigan 350 ta litsenziyadan 30 tasini vaqtincha to‘xtatgan edi. Bunga sabab sifatida ushbu qurollar G‘azodagi harbiy harakatlarda xalqaro gumanitar huquqni buzish xavfi borligi ko‘rsatilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter